Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining sessiyasida poytaxtning Yunusobod tumanida ko‘plab foydalanilmayotgan imkoniyatlar haqida gapirib o‘tdi.

Davlat rahbari Vazirlar Mahkamasiga unumli foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning o‘rnida sanoat va xizmatlarda yuqori damromadli ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarni joylashtirish dasturini tasdiqlashi kerakligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanda 14 ta davlat tashkiloti 24,5 gektar maydonni egallab turibdi.

“Shuning uchun bosh vazirimiz [Abdulla Aripov] va yangi hokimimiz [Shavkat] Umurzoqov yirik developerlar bilan gaplashib, bu joylarda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurishni taklif qilsa, ular yetti mingta yuqori daromadli ish o‘rinlarini bemalol yaratishlari mumkin”, — dedi davlat rahbari.

Avvalroq prezident Amir Temur shoh ko‘chasidagi sakkizta davlat idorasining eski binolarini rekonstruksiya qilish va savdo obyektlari, ofis va yerosti avtoturargohiga ega mehmonxonalar qurish uchun tadbirkorlarga berishni taklif etgandi.

Shavkat Mirziyoyev 7-sonli shahar shifoxonasi uchun 200 o‘rinli yangi bino qurish cho‘zilib kelayotganini ham ta’kidladi. Yangi bino ishga tushsa, undan bo‘shaydigan 4,7 gektarda xususiy sheriklik asosida koreyalik investorlar 160 mln dollarlik 420 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika qurish tashabbusini bergan.

Bundan tashqari, prezident Toshkent shahridagi ekologiyani yaxshilash maqsadida Markaziy bank hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Yevro-5 standartiga javob beradigan avtomobillarni xarid qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.