27-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Turkiya maxalliy xuquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ISHID xalqaro terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 70 kishini qo‘lga olgani haqida xabar tarqaldi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasining ma’lum qilishicha, ular orasida Andijon viloyatida tug‘ilgan 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi ham borligi aniqlangan.

Advokatlar aralashuvi natijasida uning terrorchilik guruhiga aloqadorligi haqidagi vajlar o‘z isbotini topmagan va qo‘yib yuborilgan.

Konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga turli buzg‘unchi oqimlarga tushib qolmaslik uchun quyidagilarga e’tibor qaratishlarini tavsiya qildi:

  • ekstremistik ruhdagi Telegram, Instagram, TikTok, YouTube hamda WhatsApp kanallari va saytlariga a’zo bo‘lmaslik;
  • mobil telefonlarda bilib-bilmay mutaassiblik ruhidagi nashidalar (qo‘shiqlar), ma’ruzalar, suratlarni saqlamaslik va tarqatmasik;
  • elektron pochta orqali noma’lum shaxslardan kelgan diniy mazmundagi da’vat va tanishuv haqidagi takliflarga javob bermaslik.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan va O‘zbekistonga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan Telegram, YouTube kanallar, Facebook, Instagram, TikTok sahifalar va saytlar ro‘yxatini yangilagandi.