3-aprel kuni Yangi Toshkent shahridagi ilk inshootlar qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi. Unda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari nutqida bu tarixiy voqeaning ahamiyatini ta’kidladi.

“Bugun „Yangi O‘zbekiston“ universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetining kampuslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markaziga tamal toshi qo‘yamiz. Yangi shahar qurilishi ilm-fan, ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotgani bejiz emas. Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, — dedi u.

Bu yerda birinchilar qatorida Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi kampusi quriladi. U 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfiteatr va boshqa obyektlarni o‘z ichiga oladi.

Yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog‘cha — maktab — universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

“„Yangi O‘zbekiston“ universiteti yurtimizdagi eng nufuzli oliygoh bo‘lib, unda muhandislik, boshqaruv, axborot texnologiyalari, agrotexnologiyalar, gumanitar va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi”, — deyiladi xabarda.

адабиёт muzeyi, миллий kutubxona, миллий maqom markazi, миллий teatr, pedagogika universiteti, шавкат мирзиёев, yangi тошкент, yangi o‘zбекистон universiteti

Shaharda mazkur universitet uchun ham zamonaviy kampus quriladi. Xususan, bu yerda 10 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 1 ming 150 o‘rinli oshxona, kutubxona va ixcham muzey, sport majmuasi, olimpiya suzish havzasi tashkil etiladi. Shuningdek, talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona, professor-o‘qituvchilarga 286 o‘rinli turar joy qurib beriladi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ham fondda saqlanayotgan 10 milliondan ortiq adabiyotlarni munosib saqlash va bir paytning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Uning mumiy maydoni 30 ming metr kvadratni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, Yangi Toshkentda xalqaro talablar asosida Milliy teatrning katta binosi quriladi. Unda san’atkorlar uchun ham, tomoshabinlar uchun ham har jihatdan qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusida u mamlakatdagi barcha teatrlar uchun o‘ziga xos ijodiy laboratoriya vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.

Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘zida jamlagan “ma’naviyat majmuasi” ham tashkil etiladi.

Davlat rahbari bu majmualarning imkoniyatlari va ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Bugun poydevori qo‘yilayotgan maskanlar ko‘p yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahrining nafaqat yurtimiz, balki mintaqamizda ham chinakam ilm-ma’rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo‘shadi, deb ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ramziy tugmani bosib, binolar qurilishini boshlab berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan kapsulani ishga tushirgandi.

O‘tgan yilning sentabr oyida davlat rahbari Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent va Yangi Toshkent qo‘shma loyihasini ma’qullagan edi. “Ha, biz uni Yangi Toshkent deb ataymiz, lekin ertaga u eski Toshkentni ham yangilashi kerak. Ular bir qon, bir arteriyaga aylanishi kerak”, — degandi qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Adilov.

Prezident “Yangi Toshkent” loyihasini boshlash muhimligini, chunki besh yildan keyin “poytaxtda odamlar yashay olmasligini” ta’kidlagan.

Video