O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eronning Damashq (Suriya)dagi konsulligiga uyushtirilgan havo hujumini keskin qoralashini ma’lum qildi, bu haqda vazirilik matbuot kotibi Axror Burxanov xabar berdi.

“Xorijiy davlatlarning diplomatik va boshqa vakolatxonalariga hujum qilinishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat hamda xalqaro diplomatik huquq asoslari va tamoyillarini eng qo‘pol ravishda buzilishi deb hisoblaymiz”, — deyiladi TIV xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga raketa hujumi uyushtirgan, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘lgandi. Tehron “keskin javob” bo‘lishini va’da qilgan.

Halok bo‘lganlar orasida IIQKning yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy ham bo‘lgan, u Eron tashqarisida maxsus operatsiyalar o‘tkazish uchun mas’ul “Quds” kuchlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan.

Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari tomonidan binoga oltita raketa uchirilgan.