29-mart kuni Toshkentda “Avtomobilsiz kun” bo‘lib o‘tdi (prezidenti qaroriga ko‘ra, endi har oyda bo‘ladi). Shu kuni ishga piyoda kelgan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Gazeta.uz”ning unga hamrohlik qilish haqidagi taklifiga rozi bo‘ldi. Yo‘lda u jurnalist Mirolim Isajonovga qaysi transport usullarini afzal ko‘rishi, shahar haqida qanday fikrda ekani, shuningdek, mavjud muammolarni hal etishda umumiy mas’uliyat kerakligi haqida gapirib berdi.

Muxbir va vazir soat 8:42 da uchrashib, 9:31 da sayrni yakunladi. Shu tarzda katta qadamlar bilan borilgan yo‘l taxminan 50 daqiqani tashkil etdi.

Sherzod Shermatov piyoda yurishni yaxshi ko‘rishini, lekin bunga har doim ham imkon bo‘lmasligini aytdi. “Asosiy muammo — vaqt”, — dedi u.

Vazir o‘tgan “Avtomobilsiz kun”lardan birida o‘zi rahbarlik qilgan Xalq ta’limi vazirligiga piyoda borganini, yo‘lini internet orqali kuzatib ketganini esladi. O‘shanda yo‘l ancha uzunroq bo‘lgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbari oila a’zolari qanday transportdan foydalanishi haqidagi savolga hozir eng qulayi — taksi, uni ilova orqali chaqirish mumkin, deb javob berdi. Uning o‘zi ham shoshilinch zarurat tug‘ilganda taksidan foydalanadi.

автомобилсиз kun, интервью, тошкент, шерзод шерматов

Jurnalist Sherzod Shermatovdan poytaxtdagi piyodalar infratuzilmasini bolalar, keksalar va harakatlanish imkoniyati cheklangan insonlar uchun xavfsiz deb hisoblaysizmi, deb so‘raganida, vazir “Toshkent zo‘r shahar”, “Toshkentdek zo‘r shahar dunyoda juda kam”, dedi. U “hamma joyda bo‘lgani kabi muammolar bor”ligini, xususan, shaharda ko‘plab shaxsiy transport vositalari mavjudligini, bu tirbandlik va boshqa muammolarga olib kelishini tan oldi.

Vazir Toshkentda yashash imkonsiz bo‘lib qolgani, bu yerdan ketish kerakligi haqidagi turli gaplar unga juda yoqmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga kelgan minglab IT-mutaxassislari shahar, yashash va biznes uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stligidan “hayron qolgan”.

Sherzod Shermatov yaqinda Raqamli texnologiyalar vazirligi barchani DIGITAL.UZ raqamlashtirish bog‘i uchun ko‘chat ekish maqsadida tog‘li hududlarga borishga ochiq taklif qilganini aytdi. Biroq tanqidchilar emas, faqat IT sohasi vakillari kelgan.

Vazir mavjud muammolarni, xususan, piyodalar infratuzilmasi ham bardosh bera olmaydigan rivojlanish sur’atlari bilan bog‘ladi. “Bu juda katta kompleks masalalar” va “mutasaddilar harakat qilyapti”, deb ta’kidladi u.

Prezident “Yangi Toshkent” loyihasida mashinalar uchun emas, “odamlar uchun shahar” yaratish topshirig‘ini bergan, loyihachilar ham piyoda yurish qulayligi va rivojlangan jamoat transportini birinchi o‘ringa qo‘ygan, dedi vazir.

“Muammoni „konstatatsiya“ qilish (bayon etish — tahr.) oson narsa. Muammoni yechish eng qiyin narsa”, — deydi Sherzod Shermatov.

“Ekologiya masalasi, mamlakatning kelajagi masalasi, mamlakatning xavfsizligi masalasi faqat hukumatning masalasi emas, bu butun jamoatchilikning masalasi… Aybdor qidirish kerak emas. Birgalikda shuni qilishimiz kerak… Shu bitta „planeta“ o‘zimizning uyimiz. Toshkent ham o‘zimizning uyimiz”, — dedi u suhbat yakunida.

Eslatib o‘tamiz, shu kuni “Gazeta.uz” muxbiri transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan ikkita avtobusda sayr qilgan edi. Vazir poytaxt jamoat transportidagi yutuq va muammolar, tezyurar avtobus (BRT) yo‘lga qo‘yish va tramvayni qaytarish rejalari haqida gapirgan.

Video