Rossiya Ichki ishlar vazirligi hukumatga migratsiya sohasida davlat nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi.

Hujjat, nomidan ko‘rinib turibdiki, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi va chiqishi, shuningdek, ularning Rossiya hududida bo‘lish va yashash shartlarini tartibga soladi.

Qonun loyihasi bilan, xususan, quyidagilar taklif etilmoqda:

  • chet el fuqarolarining vaqtincha bo‘lish muddatini kalendar yili uchun 90 kungacha qisqartirish (hozirda olti oy uchun 90 kun);
  • Rossiyaga kirishda biometrik shaxsiy identifikatsiyani joriy etish. Bu RFga kiruvchi barcha chet elliklarning barmoq izini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish va suratga olishni nazarda tutadi;
  • Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet elliklar uchun nazorat rejimini o‘rnatish;
  • davlat organlarining axborot tizimlaridan u haqdagi barcha ma’lumotlarni to‘playdigan xorijiy fuqaroning raqamli profilini yaratish;
  • RF hududidagi chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi yagona hujjatni joriy etish, bu bugungi kunda mavjud bo‘lgan mamlakatda yashash va ishlash huquqini tasdiqlovchi barcha migratsiya hujjatlarining o‘rnini bosadi;
  • chet ellik ishchilarni Rossiyada ishlash huquqini beruvchi maxsus reyestrga, ish beruvchilarni esa chet elliklarni yollashga ruxsat beruvchi boshqa reyestrga kiritish;
  • chet elliklar bilan, agar ular qonunchilikni buzsa, Rossiyaga kirish, mamlakatda qolish va yashash huquqlarini ehtimoliy cheklash to‘g‘risida sodiqlik shartnomasini tuzish;
  • nafaqat sudlarga, balki suddan tashqari federal ijroiya organlariga ham chet elliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqini berish;
  • chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi (yashashi) ustidan ma’muriy nazoratni politsiyaning funksiyalaridan biriga aylantirish.

IIV matbuot xizmati xabarida aytilishicha, qonun loyihasi chet elliklarning “ayrim huquqlarini cheklash” va “ularga qo‘shimcha mas’uliyat yuklash” bilan bog‘liq chora-tadbirlarni qo‘llash uchun “zarur sharoitlar” yaratadi.

Bundan tashqari, barcha davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolar xorijliklarning Rossiyada bo‘lishi qonuniyligi to‘g‘risidagi elektron tasdiqlovni onlayn tarzda olishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu tasdiq ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, nikoh, bola tug‘ilishi, oliy o‘quv yurtlari, kollejlar va maktablarga o‘qishga kirishda talab qilinadi, deyiladi IIV xabarida.

Agentlikning keyinroq aniqlik kiritishicha, xorijliklarning Rossiyada bo‘lish muddatiga cheklovlar yashash yoki ishlash uchun ruxsatnomasi bor, patent olgan yoki mehnat shartnomasini imzolagan shaxslarga nisbatan qo‘llanmaydi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Rossiya IIV noqonuniy migrantlar uchun nazorat rejimi joriy etishni taklif qilgan edi. Reyestrga kiritilganlarga mashina haydash, pul o‘tkazish va turmush qurishni taqiqlash rejalashtirilgan edi.