Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga “xorijiy vakil” tushunchasini kirituvchi o‘zgartirishlarni imzoladi. Bu haqda u Facebook`dagi sahifasida ma’lum qildi. Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari va huquq himoyachilari hujjatni “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” deb atadi va uning Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshashligini qayd etdi.

“Mamlakatimizda 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ular hech kimga hisobot berishmagan. Ular faqat bank hisob raqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, o‘z ixtiyoriga ko‘ra, jumladan, shaxsiy maqsadlariga ham ishlatgan… Endi ular ochiq ishlay boshlaydi. Avvalgidek tartibsizlik bo‘lmaydi”, — deb yozgan Qirg‘iziston rahbari.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, chet ellik donorlar bu qonunga qarshi chiqmoqda, chunki qirg‘iz nodavlat tashkilotlari ularni “aldayapti”. “Ular „bizni ta’qib qilishadi, xorijiy agent sifatida hibsga olishadi“, deb yolg‘on ma’lumot tarqatishmoqda”, — deydi u.

“Siz 30 yildan beri xorijlik donorlar bilan ishlaysiz va hech kim sizni pul olganingiz uchun ta’qib qilmagan. Buni hozir boshlaylikmi? Davlat rahbari sifatida hech qanday ta’qiblar bo‘lmasligiga kafolat beraman”, — dedi prezident.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, qabul qilingan qonun “mamlakatga faqat foyda keltiradi”. “Biz hamma narsani ochiq ko‘rsatmoqchimiz, shunda hamma teng sharoitda ishlaydi. Shunda xorijlik donorlar qancha mablag‘ sarflangani va qanday loyihalar uchun foydalanilganini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Va ular aldanmaydi”, — dedi u.

Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, xorijiy vakil xorijdan mablag‘ oladigan va Qirg‘izistondagi “siyosiy faoliyat”da, jumladan, xorijiy manbalar manfaatlarini ko‘zlab ishtirok etuvchi notijorat tashkilot hisoblanadi. Bunday faoliyat deganda davlat organlari va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish maqsadida harakatlarni amalga oshirish tushuniladi.

Qonun nodavlat notijorat tashkilotlarini organlarga moliyalashtirish manbalari, mulk va xodimlar to‘g‘risida ma’lumot berishga majbur qiladi. Bundan tashqari, ular davlat organlari tomonidan rejali va rejadan tashqari tekshiruvlarga duchor bo‘lishi mumkin, ular ham huquqbuzarlik holatlarida tashkilot ishini to‘xtatib turish huquqini olgan.

Qirg‘iziston parlamenti qonun loyihasini 14-mart kuni uchinchi o‘qishda ma’qulladi.

  • Qonun loyihasi avval ham xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, xorijiy hukumatlar, huquq faollari, mustaqil OAV va mahalliy jamoat arboblari tomonidan bir necha bor tanqid qilingan. Qirg‘izistonning “Adilet” yuridik klinikasi advokatlari mazkur hujjat inson huquqlari va mamlakat Konstitutsiyasiga zid ekanini ta’kidlagandi.
  • Yanvar oyida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham “xorijiy vakillar” to‘g‘risidagi qonun loyihasidan xavotirda ekanini bildirgandi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov buni mamlakat ichki ishlariga aralashish deb atagan.
  • 2023-yil sentabr oyida Qozog‘istonda Rossiyaning “xorijiy agentlar” reyestrining analogi paydo bo‘lgandi. Unga jurnalistlar, OAV, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning vakolatxonalari kiritilgan. Reyestrga kiritilganlar uchun hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi.