Toshkentda 29-mart kuni o‘tkazilgan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida transport vaziri Ilhom Mahkamov avtobuslardan foydalandi. U “Gazeta.uz” jurnalistiga o‘zi eng ko‘p qaysi muammolarga duch kelishi haqida aytib berdi.

“Bizda hozir eng katta muammo haydovchilar bilan bog‘liq: haydovchilarning harakatlanishda texnik xavfsizlikka rioya qilishi, tez haydashlari. Diqqatini pulga, chetga qaratadi. Brutto shartnomalar joriy etib, haydovchilarni pul yig‘imidan, kunlik rejadan mutlaqo chetlashtiryapmiz. Bu nega ketma-ket qilib chiqilishi kerak? Hozir mexanizmni tatbiq qilish jarayonimizda tezda ketib bo‘lmaydi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, elektron to‘lovga o‘tishga harakat qilyapmiz. Aholini shu narsaga qiziqtiryapmiz. To‘lov hozir naqd pulda 2000 so‘m bo‘lsa, kartochka bilan — 1700 so‘m. Lekin baribir ham tafovutini ko‘paytirmoqchimiz. Naqd pul bilan to‘lov narxini qimmatroq qilmoqchimiz. Balki bir aksiya qilib, transport kartalarini sotilishini ko‘paytirib yoki ommabopini chiqarib… Hozir, masalan, Mastercard bilan to‘lasa, 1000 so‘m. Telefonning o‘zida NFC yoki QR kod orqali ham to‘lasa bo‘ladi”, — deydi vazir.

Ilhom Mahkamov o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlik naqd pul bilan qilinadigan to‘lovlar miqdorini oshirish tashabbusi bilan chiqmoqchi ekanini ta’kidladi.

“Hozir to‘lov puli karta bilan 1700 so‘m va naqdda 2000 so‘m bo‘lsa, 1700 so‘mga tegmasdan, naqd puldagisini 3000 so‘mgacha ko‘tarmoqchimiz. Endi bilmadim bu narsaga omma qanday yondashadi. Shunda haydovchilar pulga aralashmasa…”, — dedi u.

Vazir, shuningdek, haydovchilarning ish vaqtida uyali telefondan foydalanishini taqiqlash reglamentga alohida kiritilayotganini qo‘shimcha qildi.

Mazkur intervyu davomida transport vaziri haydovchilarni o‘qitish uchun Germaniyadan “50 yillik stajga ega” haydovchilar, Moskvadan esa instruktorlar olib kelinganini aytgandi. “Har bir haydovchini o‘qityapmiz. Ularni toifalarga bo‘lamiz, eng yuqori toifadagilariga boshqalarni o‘qitish huquqi beriladi”, — deydi vazir.

U, shuningdek, tramvay orqali birinchi navbatda “eski” Toshkent bilan Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, poytaxt ichida tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlanayotganini ham ma’lum qilgan.