Toshkent shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib Durdona Shukurullayevna Rahimova tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Durdona Rahimova 1989-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2013-yili Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2012−2013-yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Jizzax viloyati kengashi iqtidorli yoshlar va yosh olimlar bilan ishlash bo‘limi mudiri sifatida boshlagan.

O‘tgan yillar davomida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti bosh mutaxassisi, tashkilot bo‘limi mudiri, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi apparatining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, Yoshlar ittifoqi Toshkent shahri kengashi raisi bo‘lib ishlagan.

Rahimova oldin ham — 2020−2022-yillarda Toshkent shahri hokimining o‘rinbosari bo‘lgan. Tayinlovga qadar u 2023-yildan buyon sport vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.