O‘zbekistonda 2023-yilda davlat organlari, adliya, prokuratura va sudlar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini (mahallalarni) saqlash va nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlari qariyb 25 foizga oshdi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlarida aks etgan.

2021-yilda ushbu maqsadlar uchun 10,46 trillion so‘m yo‘naltirilgan edi: davlat organlari, adliya va prokuratura organlarini saqlashga — 8,48 trillion so‘m, adliya organlarini saqlashga — 849,8 milliard so‘m, mahallalar va NNTlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga — 1,13 trillion so‘m.

2022-yilda ushbu xarajatlar 30,5 foizga oshib, 13,65 trillion so‘mni tashkil etgan: davlat organlari, adliya va prokuratura organlari — 11,47 trillion so‘m (+35,2 foiz), sud organlari — 1,12 trillion so‘m (+31,5 foiz), mahallalar va NNTlar — 1,07 trln so‘m (-5,6 foiz).

2022-yil dekabr oyida O‘zbekistonda ma’muriy islohot e’lon qilingan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev “qo‘lda boshqarish"dan ixcham va samarali boshqaruv tizimiga o‘tish vaqti kelganini aytgandi. Ma’muriy islohot to‘g‘risidagi farmon va qarorda hukumatga hisobdor bo‘lgan mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari sonini 61 tadan 28 taga qisqartirish, shuningdek, “adolatli mehnatga haq to‘lash tizimi” joriy etilgan holda ijro hokimiyati organlari xodimlari, shu jumladan, boshqaruv apparati xodimlarini ko‘pi bilan 30 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgandi.

Shtat birliklarini optimallashtirish natijasida ajratilgan mablag‘larni ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish rejalashtirilgan edi. Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Odilbek Isakov davlat idoralarini qisqartirish va ularning xarajatlarini optimallashtirish orqali davlat budjetining 2,8 trillion so‘mi tejalishini ta’kidlagandi.

2023-yilga mo‘ljallangan “Fuqarolar uchun budjet"da (har yilning boshida e’lon qilinadi) ushbu maqsadlar uchun 15,24 trillion so‘m ajratilgan: davlat organlari, prokuratura, adliya va sudlar uchun 13,79 trillion so‘m, mahallalar va NNTlar uchun 1,45 trillion so‘m. Ma’muriy islohot hisobiga bu xarajatlar 12,44 trillion so‘mgacha kamayishi kerak edi.

Xususan, mablag‘larni quyidagicha tejash rejalashtirilgan edi:

  • 2,4 trillion so‘m — vazirlik va idoralar xodimlarini 30 foizgacha qisqartirish orqali;
  • 300 milliard so‘m — davlat organlarining 300 dan ortiq bo‘sh turgan binolarini sotish hisobiga;
  • 16,5 milliard so‘m — lavozimi qisqartiriladigan 55 ta rahbarlarning avtomashinalarini auksionda sotish yo‘li bilan;
  • 17 milliard so‘m — hududlarga xizmat safarlari sonini qisqartirish va “virtual tashrif” tizimini joriy etish orqali;
  • 22 milliard so‘m — davlat boshqaruvi apparatini saqlash xarajatlarini (kanstovarlar va boshqalar) optimallashtirish hisobiga;
  • 18 milliard so‘m — rasmiy tadbirlarni o‘tkazishda maksimal narxlarni o‘z ichiga oluvchi standartlarni belgilash va xarajatlarni optimallashtirish orqali.

Qonunchilik palatasi 2022-yil dekabr oyida 2023-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmon chiqarilmasidan avvalroq qabul qilgan, moliyaviy hujjatda vazirlik va idoralarning oldingi soni hamda ularni moliyalashtirish parametrlari saqlanib qolgan.

2020−2023-yillarda davlat organlari, shuningdek, mahallalarning soni va 2024-yil uchun prognozi.2020−2023-yillarda davlat organlari, shuningdek, mahallalarning soni va 2024-yil uchun prognozi.

Adliya organlari, sudlar va prokuratura organlaridagi xodimlar soni.Adliya organlari, sudlar va prokuratura organlaridagi xodimlar soni.

2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada 2023-yil davomida adliya, sud va prokuratura organlari xodimlari soni 16,5 ming nafardan 12,7 ming nafarga kamaygani qayd etilgan. Shu bilan birga, davlat organlari soni 308 tadan 310 taga ko‘paygan.

Ularni saqlash xarajatlari 17 trillion so‘mga oshgan, bu 2022-yildagi xarajatlardan 24,5 foizga ko‘p hisoblanadi. Ushbu mablag‘larning davlat budjeti xarajatlaridagi ulushi 5,7 foizdan 6 foizga o‘sgan.

2024-yilda davlat organlari, sudlar, mahallalar va NNTlarni saqlash xarajatlari 19,8 trillion so‘mga, 2025-yilda esa 22,2 trillion so‘mga oshadi. 2026-yilga kelibgina miqdor 20,9 trillion so‘mgacha kamayishi kutilmoqda.