O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 31-martdagi buyrug‘i bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini (yarim tirkamalarini) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilishi tasdiqlandi.

IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati 30-mart kuni “Elektromobil haydash endi yanada foydali bo‘ladi” sarlavhasi ostida stavkalar o‘zgarishi haqida xabar berdi, biroq o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatib o‘tmadi.

Hozirda barcha avtomobillar va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi — 34 ming so‘m olinmoqda.

1-apreldan elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar stavkasi 15 baravarga — 1,5 BHMgacha yoki 510 ming so‘mgacha oshiriladi. Qolgan barcha avtomobillar bo‘yicha stavka 68,4 baravarga oshib, 6,84 BHM yoki 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.

Besh oy avval, 1-noyabrdan boshlab avtomobillarga davlat raqamini berish stavkasi 2,3 baravarga oshgandi — 3,5 BHM (1,15 mln so‘m)gacha. Mototransport vositalariga davlat raqamlarini berish va davlat raqamlarini almashtirish uchun yig‘im ham oshirildi.

Biroq narx oshishi haqida 10-avgust kuni, ya’ni 2 oy 20 kun oldin xabar berilgandi. Bu safar buyruq to‘lovlar oshishidan bir kun oldin qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning aprel-dekabr oylarida 1 mln 340 ming dona avtomobil oldi-sotdisi qayd etilgan bo‘lib, budjetga 45,5 mlrd so‘mdan ziyod daromad keltirgan. Xuddi shu sur’at saqlanib qolsa, 2024-yilning qolgan oylarida daromadlar 3 trln so‘mdan oshadi.