2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti 59 trln so‘mni (Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha 4,68 mlrd dollar) yoki yalpi ichki mahsulotning 5,5 foizini tashkil qildi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Konsolidatsiyalashgan budjet davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 321 trln so‘mni (2022-yilda — 286,5 trln), xarajatlari 380 trln so‘mni (321,7 trln) tashkil etdi.

Defitsit oldingi yillardagidan ancha oshdi:

  • 2019-yilda — 13,19 trln so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foiz);
  • 2020-yilda — 26,1 trln so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,5 foiz);
  • 2021-yilda — 40,8 trln so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,6 foiz);
  • 2022-yilda — 35,2 trln so‘m (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz).

So‘nggi to‘rt yil ichida hukumat yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizlik defitsit bo‘yicha chegarani biron marta ushlab turolmadi va parlamentdan hukumat xarajatlari chegarasini oshirishni bir necha bor so‘radi.

Davlat budjetining o‘zi ham tasdiqlanayotganda daromadlar xarajatlardan ko‘proq bo‘lishi prognoz qilinganiga qaramay (227,87 trlnga nisbatan 232,1 trln so‘m), yilni defitsit bilan yakunladi. Amalda xarajatlar 281,1 trln so‘mni tashkil etib, daromadlardan 49,4 trln so‘mga (231,7 trln so‘m) oshib ketdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (mamlakat suveren jamg‘armasi, oltin, mis va gazni ma’lum chegaralangan narxlardan yuqori sotishdan daromad oladi) daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 11,7 trln so‘mni tashkil etishi kutilgandi, lekin xarajatlar (16,2 trln ga 11,3 trln so‘m) daromaddan 4,9 trln so‘mga ko‘proq bo‘ldi.

Shu bilan birga, 2023-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jamg‘arma xarajatlari 39 trln so‘mni tashkil etdi. Fond mablag‘laridan budjet taqchilligini qoplash uchun foydalanilgan.

budjet defitsiti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, konsolidatsiyalashgan budjet

Ijtimoiy sohaga jami 137,2 trln so‘m yo‘naltirildi: ta’limga — 61,2 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga — 31,1 trln so‘m, madaniyat va sportga — 5,3 trln so‘m, fanga — 1,7 trln so‘m. Nafaqalar, pensiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlar uchun 19,2 trln so‘m ajratildi.

Iqtisodiy xarajatlarning eng katta qismi gaz narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash uchun subsidiyalar hisobiga to‘g‘ri keldi — 18 trillion so‘m.

budjet defitsiti, иқтисодиёт va moliya vazirligi, konsolidatsiyalashgan budjet

Davlat budjeti xarajatlarining asosiy qismini ish haqi tashkil etdi — 93 trln so‘m (2022-yilda — 79,8 trln). Boshqa xarajatlar 33,4 trln so‘m miqdorida bo‘lgan.