Energetika vazirligi rahbariyatida kadrlar o‘zgardi. Shavkat Mirziyoyev bu haqdagi qarorni imzoladi, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

2023-yil avgustidan buyon Atom energetikasini rivojlantirish agentligiga (“O‘zatom”) rahbarlik qilib kelgan Baxram Mansurov boshqa ishga o‘tishi sababli o‘z lavozimini tark etdi.

2021-yil avgust oyidan beri energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Azim Israilovich Axmedxadjayev “O‘zatom”ning yangi direktori bo‘ldi.

Baxtiyor Mamatkarimov. Foto: Energetika vazirligi.Baxtiyor Mamatkarimov. Foto: Energetika vazirligi.

Baxtiyor Rustamovich Mamatkarimov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha Andijon tumani hokimi, “O‘ztransgaz” boshqaruvi raisining moliya va marketing bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, “O‘zlitineftgaz” rahbarining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Azizxo‘ja Qobilov. Foto: Energetika vazirligi.Azizxo‘ja Qobilov. Foto: Energetika vazirligi.

Azizxo‘ja Ochilovich Qobilov energetika vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u tog‘-kon sanoati va geologiya vaziriga maslahatchi va o‘rinbosar bo‘lib ishlagan, undan avval Prezident administratsiyasi xodimi bo‘lgan.