Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-mart kuni “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup ko‘chat ekish mo‘ljallangan. Hududlarda bog‘lar yaratish, yo‘l bo‘ylarida 10 qatordan daraxtlar ekish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

maishiy chiqindi, obodonlashtirish, yashil makon

Lekin aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagan, sug‘orish va ko‘chatga pul ajratilmagan.

Shu bois kecha, 28-mart kuni Vazirlar Mahkamasida bu masala tanqidiy ko‘rib chiqilib, viloyat hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari, tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, tizim tashkilotlari rahbarlaridan 28 nafariga intizomiy jazo qo‘llangan.

Yig‘ilishda barcha vazirlik va idoralarda ham obodonlashtirish ishlariga mas’uliyat bilan yondashilmagani ta’kidlandi. Masalan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bog‘ yaratgan. Lekin energetika va transport vazirliklariga ajratilgan yerlarda ko‘chat to‘liq ekilmagan. “Avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari atrofida ham qancha joylar bo‘sh yotibdi”, — deyiladi xabarda.

maishiy chiqindi, obodonlashtirish, yashil makon

Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish bo‘yicha tashabbus va targ‘ibot yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan birga mahalliy kengashlar, Ekopartiya va boshqa uyushmalar, mahallalar — hamma birdam bo‘lib harakat qilsa, juda ko‘p bog‘lar yaratilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi quyidagi vazifalar va yangi tashabbuslar muhokama qilindi.

“Yurtimizda daraxt ekib, yashillik yaratishni xohlovchilar ko‘p. Lekin ko‘p qavatli uyda yashaydigan odamlarda yer yo‘q. Bu borada Janubiy Koreya tajribasi asosida Toshkent viloyatida yaxshi tashabbus boshlangan. Unga ko‘ra, tumanlar hududidan yer ajratilib, 30 yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Mahalliy budjet hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish istagi bor aholiga taklif etiladi. Har bir ko‘chat uni ekkan odam nomiga tamg‘alanadi. Daraxtlarni parvarishlash uchun obodonlashtirish boshqarmasi xodimi biriktiriladi”, — deyiladi xabarda. Davlat rahbari ushbu tajribani barcha sohalarga tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mamlakatda 9452 ta mahalla, shaharlarda 39 ming ko‘p qavatli uy bor. Ko‘chat ekishda mahalla faollari, boshqaruv servis kompaniyalari faol ishtirok etishi zarurligi ta’kidlandi.

Yo‘llar va kanallar bo‘yidagi yerlarni talabgorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida 10 yilga berib, 5 qatordan ko‘chat ektirish tizimi joriy qilingan. Bu joriy mavsumda ko‘plab yangi o‘rmon plantatsiyalarini yaratish imkonini beradi.

“Yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha Toshkent shahrida ham yaxshi tajriba qo‘llanmoqda. Ya’ni shaharsozlik kengashi yangi qurilishlar maydonining kamida 30 foiziga daraxt ekish majburiyatini qo‘yib, ko‘chat navigacha belgilab beryapti. obyekt bu shart bajarilgandan keyingina foydalanishga qabul qilinyapti”, — deyiladi xabarda.

Qurilish vazirligiga bu tartibni barcha hududlarda ommalashtirib, shaharsozlik normalari va litsenziya talablariga daraxt ekish majburiyatini kiritish topshirildi.

Xususan, bu yil topshiriladigan 2,5 mingta ko‘p qavatli uylar hududining 30 foizida, 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarining har birida kamida 1 gektardan yashil xiyobonlar tashkil qilinishi belgilandi.

maishiy chiqindi, obodonlashtirish, yashil makon

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga joylarda 444 ta yashil bog‘ va 160 ta jamoat parklari tashkil qilish, “Mening bog‘im” loyihasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilar dala chetlarida, yirik korxonalar va sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Ijtimoiy muassasalarga ko‘chatlarni tekin yetkazib berish amaliyoti davom ettirilib, joriy yilda ularga 4 million donadan ortiq ko‘chat tarqatiladi.

Yig‘ilishda chiqindilarni boshqarish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, endi hududlarda obodonlashtirish, tozalikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim bo‘ladi. Har bir viloyatdagi 2 tadan tumanda 1-maydan boshlab tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga o‘tkaziladi. Bunda tadbirkorlar o‘ziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, ko‘chalarni yoritish bilan birga, chiqindilarni olib ketish bilan ham shug‘ullanadi. Obodonlashtirish bo‘limlariga har yili budjetdan ajratiladigan mablag‘lar ham endi ularga yo‘naltiriladi.

Ushbu tajriba o‘zini oqlasa, 2025-yildan barcha tuman va shaharlarda yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahri uchun alohida tizim bo‘ladi. Poytaxt tumanlaridagi obodonlashtirish boshqarmalarining ko‘chalarni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish, yo‘llarga xizmat ko‘rsatish vazifalari 15-apreldan auksion orqali xususiy sheriklarga beriladi. Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Har bir viloyatda joylashuvi qulay bo‘lgan 3−4 tadan poligon maxsus eko-sanoat zonasiga aylantirilib, qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi. Qolganlarida chiqindini vaqtincha to‘plab, qayta yuklaydigan stansiyalar ishga tushadi.

Resursini o‘tab bo‘lgan poligonlar yopiladi. Ularning atrofida terak, tut, gujum, zarang ekib, yashil belbog‘ yaratiladi.

maishiy chiqindi, obodonlashtirish, yashil makon

Yig‘ilishda chiqindilarni olib chiqish xizmatlarini yaxshilash uchun to‘lov intizomi ham zarur ekani ta’kidlandi. Shu bois bu borada ham yangi tartib joriy qilinadi. Unga ko‘ra, “mahalla yettiligi"ga hududida aslida ko‘rsatilmagan xizmat bo‘yicha noreal qarzni hisobga olmaslik vakolati beriladi. “Bu orqali xizmat ko‘rsatilmagan hudud uchun ham debitor qarzdorlik yozib qo‘yishdek adolatsiz amaliyotga chek qo‘yiladi”, — deyiladi xabarda.

Ko‘p qavatli uylarda aholini chiqindini saralagan holda tashlashga rag‘batlantiradigan tizim joriy etiladi. Buning uchun Ekologiya jamg‘armasi hisobidan maxsus chiqindi qoplari bepul beriladi, aholi chiqindini belgilangan toifaga ajratib, shoxobchaga olib boradi. Tadbirkorlar esa qayta ishlanadigan foydali chiqindini aholidan sotib oladi. Ushbu tizim birinchi bosqichda Toshkent, Andijon, Buxoro, Termiz, Angren shaharlari va Toshkent tumanida yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.