O‘zbekistondagi ko‘p qavatli xonadonlarda aholini chiqindini saralagan holda shoxobchaga olib borishga rag‘batlantiradigan tizim joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishda ta’kidladi.

Bunda Ekologiya jamg‘armasi hisobidan aholiga maxsus chiqindi paketlari bepul beriladi, aholi chiqindini qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan va organik toifaga ajratib, shoxobchaga olib boradi. Tadbirkor esa qayta ishlanadigan foydali chiqindini aholidan sotib oladi.

Ushbu tizim dastlabki bosqichda Toshkent, Andijon, Buxoro, Termiz, Angren shaharlari va Toshkent tumanida yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bu haqda avvalroq prezident farmoni ham imzolangandi.

Bungacha bo‘lgan urinishlar

Toshkentda chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ishni joriy etishga 2012-yildan buyon harakat qilinadi. O‘shanda maishiy chiqindilarni besh turga (shu jumladan, xavfli chiqindilar — simobli lampalar) ajratish rejalashtirilgandi. Tuman hokimliklariga ko‘chalar va jamoat joylariga chiqindi qutilarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Loyiha oxirigacha amalga oshirilmagan.

2014-yilda O‘zbekiston hukumati qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning yangi qoidalarini qabul qildi. Mamlakat bo‘ylab chiqindilarni besh turga bo‘lish, CHYMni esa alohida konteynerlar bilan jihozlash rejalashtirilgandi. Bu rejalar ham to‘liq amalga oshirilmadi.

2017-yilda Toshkent hokimiyati 2018-yildan boshlab maishiy chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.

2019-yil aprel oyida prezident tomonidan 2028-yilgacha qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiya tasdiqlandi. Shu muddatgacha aholini qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olish, qayta ishlash darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgandi.

2021-yildan boshlab Toshkent shahridagi bir qator mahallalarda chiqindilarni ajratilgan holda yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. 2023-yildan boshlab tizim poytaxtning barcha tumanlarini qamrab olishi kerak edi.