Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangani sababli prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablardagi yo‘nalishlarni takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilmoqda. Bu dastur “Yangi O‘zbekiston” universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.

ingliz тили, maktabлар, ta’lim, ta’lim сифати, o‘quvchilar, шавкат мирзиёев

Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.

Kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025−2026-yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish ham rejalashtirilmoqda.

Ijod maktablarida taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O‘quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo‘lga qo‘yiladi. Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Bundan tashqari, o‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, o‘quvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi, deyiladi xabarda.

Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa yetakchisini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashg‘ulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.

Taqdimotda o‘quvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

“Hozirda bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga ko‘ra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng bo‘lishi kerak. Shu bois davlat yakuniy attestatsiyasida, ya’ni maktabni bitirish imtihonlarida o‘quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o‘tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, savollar doimiy ravishda yangilab boriladi”, — deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Shuningdek, endi maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uning oliy ta’lim bilan mutanosibligini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. U madaniyatni keng yoyish masalasiga ham to‘xtalib, yosh avlodda san’atga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda ijod maktablarida “Tasviriy san’at va chizmachilik” fani o‘rniga “San’at” fanini kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid ko‘nikmalar o‘rgatiladi.

Oliy o‘quv yurtlarida bu bo‘yicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bog‘lab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.

Prezident fevral oyida Andijon shahridagi maktab-internatga tashrifi davomida o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, yuqori sinf o‘quvchilarini oliygoh dasturlariga tayyorlash, darslarda yoshlar vaqtini ketkazmay, ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish kerakligini aytgandi. Maktablarga ta’lim, tarbiya va ma’naviyat bo‘yicha yangi muhit olib kirish kerak, degandi prezident o‘shanda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 15 yoshli o‘quvchilarning matematika, o‘qish va tabiiy-ilmiy savodxonligi bo‘yicha ko‘rsatkichlarini xalqaro baholash dasturi (PISA)da ilk bor qatnashib, so‘nggi o‘ntalikka kirgan. Tadqiqot o‘quvchilar ko‘nikmalariga ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va oilaning oziq-ovqat xavfsizligi ta’sir qilishini ko‘rsatgan. Shavkat Mirziyoyev bunga to‘xtalib, 2024-yilda maktab va maktab ta’limiga 46 trln so‘m ajratilayotgani, ammo PISA dasturi natijalari sohada qilinadigan ishlar ko‘pligini aniq ko‘rsatgani haqida gapirgandi.