Buxoro viloyati musiqali drama teatriga avtobusda ketayotganda YTHga uchragan Kogon tumanidagi 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Kun.uz muxbiriga sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini aytib berdi.

Maktab o‘quvchilarining so‘zlariga ko‘ra, 18-mart kuni beshta sinfdan 140 nafardan ortiq o‘quvchi ikkita avtobusga taqsimlangan, ya’ni har birida 60−70 nafar bola bo‘lgan. Avtobuslar taxminan 10:25 da harakatlana boshlagan.

9-sinf o‘quvchisi Mironshoh Jumayevning xabar berishicha, haydovchi katta tezlikda harakatlanayotgan.

“Haydovchining tezligi baland edi. Avtobusdagi ko‘pchilik buni sezib, haydovchidan bir necha marta tez haydamaslikni so‘radik. Shu orada yon tomonimizga kelib nimadir urildi. Bu juda tez bo‘ldi, nima bo‘lganini tushunolmay qoldik. Oyog‘im og‘riyotganini sezdim, keyin hamma chiqishni boshladi. Men ham chiqdim. Telefon va sumkamni ham olib chiqishga ulgurdim. Sog‘lar, yura oladiganlar hammasi bir amallab avtobusdan chiqdik. Keyin portlab ketishi mumkinligidan qo‘rqib, tezroq avtobus yonidan uzoqlashishga harakat qildik. Lekin avtobus portlamadi. Keyin darrov orqamizga qaytib, chiqolmayotganlarga yordam berdik. 10−12 kishi ichkarida qolib, chiqolmadi, qolganlar yordamsiz o‘zlari chiqishdi”, — deydi u.

O‘quvchining qo‘shimcha qilishicha, baxtsiz hodisa oqibatida yana bir bola halok bo‘lgan. Voqea guvohlaridan yana biri beton qoradigan mashinaning yonida bo‘lgan yana bir yo‘lovchi vafot etganini bildirdi, ammo buni shifokorlar tasdiqlamadi.

Mironshoh Jumayev baxtsiz hodisani eslaganida kuchli stressni boshdan kechirayotganini ta’kidladi.

“Voqea haqida gapirishni boshlasam, o‘sha daqiqalar ko‘z oldimda kelib, ko‘nglim aynib, qusishni boshlayapman. Stress ta’siri hali mendan ketgani yo‘q. Qayta- qayta aylanyapti”, — deydi o‘quvchi.

11-sinf o‘quvchisi Asadbek Hamidov ham voqeani eslagisi yo‘qligini, faqat yo‘qolgan telefonini topmoqchi ekanini aytdi.

“O‘sha paytda 2−3 bolaning telefoni yo‘qolgan. Shularning topilishini xohlardik. O‘zimning ham 2 ta telefonim yo‘qoldi. Avtobus kelib urilganda qo‘limda edi, keyin nima bo‘ldi, bilmayman”, — dedi u.

O‘quvchilar, shuningdek, dastlab teatrga borishni istamaganini bildirdi.

Kun.uz muxbiri bolalarning sog‘lig‘i haqida ma’lumot olish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali rahbari Muhsin Rajabov bilan suhbatlashdi.

18-mart kuni 16 nafar bemor tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan, dedi u. Qolgani Kogon tumanidagi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan. Kogon tumanidagi bemorlarga javob berilib, 3 nafari Buxoro tez tibbiy yordam bo‘limiga ko‘chirilgan.

Bosh vrach maktab o‘quvchilari hozir o‘zlarini yaxshi his qilayotganini ta’kidladi. Avtobusdagi bir o‘qituvchining qovurg‘asi singan va u jonlantirish bo‘limida yotibdi. Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, beton qoradigan mashina haydovchisi shifoxonadan chiqarilgan, biroq avtobus haydovchisi o‘mrov pog‘onasi singani sababli davolanmoqda.

Bemorlarning tashxisi. Ularning deyarli har biri bosh miya yopiq jarohati va miya chayqalishini boshdan kechirgan.

“[O‘quvchi] T.O. voqea joyida vafot etgan, bir nafar qiz og‘ir ahvolda kelgan edi. Uni saqlab qolish uchun hamma ishni qildik. Sinmagan joyi qolmagan, jarohatlari og‘ir edi. Toshkentdagi shifokorlar bilan telemeditsina o‘tkazdik. Uni yo‘qotganimiz uchun o‘zim depressiyaga tushdim”, — deydi Muhsin Rajabov.

RSHTYOIM filiali rahbari shifoxonada qolgan maktab o‘quvchilarining jiddiy jarohatlari yo‘qligini va yaqin kunlarda uylariga jo‘natilishini aytdi.

“Faqat stress bo‘lgani uchun ushlab turibmiz. 80 foiz bolaga javob bersak bo‘ladi. 3 nafari davolanishi kerak. Ular bilan psixolog va nevropatolog ham ishlayapti. Ozgina og‘riq bo‘lsa ham, o‘sha narsani ko‘z oldiga keltirishyapti, shuning uchun ularni saqlashga majburmiz”, — deydi shifokor Xushmamad Arabov.

Bolalar bilan ishlagan psixolog Lobar Sattorovaning aytishicha, ular qo‘rqib ketgan, bir bola sinfdoshining o‘limiga guvoh bo‘lgani uchun qattiq stress holatida bo‘lgan.

“Kogonda 19 kishi bilan, Buxoro shahri shifoxonasida esa 4 nafar bola bilan ishladim. Ular bilan yana bir oygacha ishlayman”, — dedi u.

Voqea aks etgan videoda YTH sodir bo‘lgan chorrahada svetofor ishlamayotganini ko‘rish mumkin. Beton qoruvchi mashina katta yo‘l bo‘ylab harakatlanib, chorrahani kesib o‘tayotganda avtobusga urilgan.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, bolalar va o‘quvchilar uchun ekskursiya sayohatlarini tashkil etish uchun ta’lim muassasasi ma’muriyati xalq ta’limi bo‘limidan ruxsat olishi, tashuvchi bilan shartnoma tuzishi va hamrohlikni tashkil etish uchun Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga murojaat qilishi kerak.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, maktab ma’muriyati Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatiga murojaat qilmagan. Haydovchi O.Sh. (1991-yilda tug‘ilgan) Buxoro Express Trans korxonasida ro‘yxatdan o‘tgan.

Bosh prokuratura avvalroq Buxoro viloyatining ayrim mansabdor shaxslari tomonidan bolalarni avtobuslarda tashish va ularni kuzatib borishni tashkil etish qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani haqida xabar bergandi. Holat yuzasidan “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddasi bo‘yicha alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.