26-martdan Toshkent shahrida markaziy isitish tizimi o‘chiriladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Hokimlikning eslatishicha, isitish davri o‘rtacha kunlik harorat 8 darajadan yuqori bo‘lgan besh kunlik muddat tugagandan keyingi kuni tugatiladi.

“Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri Gidrometeorologiya markazi ma’lumotlari hamda o‘rtacha kunlik havo harorati ayni paytda 10 darajadan yuqori bo‘lishini inobatga olgan holda 26-martdan mavsumini yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtda 6-noyabrdan isitish mavsumi boshlangan. O‘tgan yilgi isitish mavsumi 22-oktabrdan 10-martgacha davom etgandi.