Navro‘z munosabati bilan Toshkentning bosh bozorida bayram uyushtirildi. Bozorning Saqichmon ko‘chasidagi asosiy darvozasi sun’iy gullardan qurilgan arka, bayram tabriklari yozilgan rang-barang plakatlar va amaliy san’at buyumlari bilan bezatilgan. Adras to‘shalgan rastalar esa sumalak, ko‘zni qamashtiruvchi nisholda, qovurilgan chuchvara, tillarang qatlama va chak-chaklar bilan xaridorlarni o‘ziga rom etadi.

Bozorning “tashrif qog‘ozchasi” — katta gumbaz oldida sahna qurilgan. Bozorga kelganlar o‘ymakori yog‘och karavotda tashkil etilgan fotozonada esdalik uchun suratga tushyapti. Karavot atrofida esa ko‘zni quvnatuvchi so‘zanalar, chiroyli qovoqlar terilgan arava, quvnoq musiqa va bahorning yoqimli ifori.

Bayramni IIV akademiyasi orkestri bahoriy kuylardan iborat musiqiy dastur bilan ochib berdi. Ko‘p o‘tmay ularga san’atkorlar va raqqosalar jo‘r bo‘ldi. Tanish musiqa sadolari ostida xalq ham o‘yinga tusha ketdi.

Bozor direktori o‘rinbosari Nasrulloh Meliqulovning so‘zlariga ko‘ra, bayram munosabati bilan bozorda arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etilgan va u mart oxirigacha davom etadi.

“Odamlar bozorlik qilib, dasturxonlarini to‘kin qilishlarini xohlaymiz. Bayram kayfiyati har kimning qalbiga kirib borsin, deymiz, — deydi direktor o‘rinbosari. — Navro‘z xalqimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Tabiatning uyg‘onishi va yangi davr boshlanishi ramzi sifatida u bizni eski gina-kuduratlarni unutishga, qalbni tozalash va kelajakka umid bilan qarashga undaydi. Navro‘z odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini kuchaytiradi va odamni butun kelgusi yil uchun ruhlantiradi. Navro‘z mehr-oqibat, do‘stlik ramzi hamda dunyo faqat tinchlik va xotirjamlikda gullab-yashnashi mumkinligining bir dalili hisoblanadi”.

Darvozadan o‘ng tarafda odamlar to‘plangan, gulxanning achchiq hidi dimoqqa uriladi, kimdir o‘tin yorish bilan ovora.

“Agar sumalakni uch marta kavlab, niyat qilsang, niyating albatta amalga oshadi”, — deya o‘tkinchilarni sumalak kavlashga chaqiradi Mastura opa.

Ayolning o‘zi yaqinlari uchun baxt, sog‘liq va saodat so‘raydi. Sumalak uning uchun qon-qarindoshlari bilan to‘planish va ota-bobolarini xotirlash uchun bir bahona. Mastura opaning eslashicha, onasi har yili aprelda ularning katta oilasi uchun ikki doshqozonda sumalak pishirar, kichkina qiz bo‘lishiga qaramay, Mastura opaga bu jarayonni kuzatish zavq berardi. U toshlar yig‘ar, masalliqni tayyorlashga yordam berar va tunda onasining o‘rniga sumalak kavlardi. Ertasiga esa tayyor bo‘lgan shirin taom barcha qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shniga tarqatilardi. Mastura opa bu an’anani saqlab qolishga va kelgusida farzandlari ham buni davom ettirishiga harakat qilyapti.

chorsu, navro‘z, nisholda, sumalak, talqon, toshkent

“Tayyorlash jarayoni qanchalik quvnoq bo‘lsa, sumalak ham shuncha shirin chiqadi. Uyda yo mahallada sumalak pishirsak, eski damlarni eslaymiz, hayotimizda bo‘lgan har xil ishlarni gaplashamiz, niyatlar qilamiz, ashulalar aytib, o‘yinlarga tushamiz. Sumalakni bir o‘zing tayyorlay olmaysan, chunki u odamlarni birlashtiradi, ularning qalbiga yaxshilik urug‘larini sochadi va milliy qadriyatlarimiz haqida eslatib turadi. Sumalak uzoq pishiriladigan, lekin tezda tarqatilib, tezda yeb qo‘yiladigan taom”, — deya kuladi tongdan beri sumalak qaynatayotgan ayol.

Rastalarda tayyor sumalak ham sotilyapti. Sotuvchilar quyuqligi turlicha bo‘lgan sumalaklarni taklif qiladi, so‘raganingizni bonkalarga, konteynerlarga va stakanchalarga quyib beradi.

Qashqadaryolik uchinchi avlod sumalakchi hisoblangan Akmal Ibrohimov mazkur bahoriy taomni pishirishni boshlaganiga 20 yil bo‘lgan. Uning aytishicha, bu hunarning sir-asrorlarini yaxshi ustozning qo‘li ostida egallagan maqsadga muvofiq.

“Boshqa har qanday kasbni qanday o‘rgansangiz, sumalak pishirishni ham shunday o‘rganish kerak. Men besh yil amakimning qo‘lida shogird bo‘lganman, — deydi sotuvchi. — Menga eng birinchi o‘rgatilgan narsa — ishga mehr bilan yondashib, zavq olib ishlash. Sumalak tayyorlashga ezgu niyat bilan kirishmasangiz, mazasi ham, rangi ham yaxshi chiqmaydi”.

Akmal akaning asl kasbi sartarosh, lekin bahor kelishi bilan u sartaroshxonasini tashlab, o‘zini sulolaviy ishga bag‘ishlaydi. Sumalak mavsumi yanvarda boshlanib, mayda tugaydi. Ibrohimovlar oilasi har kuni, buyurtmalar hajmiga qarab, 300 litrdan 500 litrgacha sumalak tayyorlaydi. Shundan faqat 150 litri Chorsuga olib chiqiladi, qolganini restoranlarga, oziq-ovqat do‘konlariga ulgurji sotishadi, Qozog‘iston, Turkiya, BAA va Amerikaga yuborishadi.

Akmal Ibrohimovning qo‘shnisi esa nisholda bilan savdo qiladi. Zarina Narziyeva har yili Ramazon arafasi oilasi va oppoq shirinlik sir-asrorlari bilan birga Buxorodan Toshkentga keladi; u nisholda tayyorlashni onasi va buvisidan o‘rgangan.

chorsu, navro‘z, nisholda, sumalak, talqon, toshkent

“Sumalakdan farqli o‘laroq, nisholdani hamma ham tayyorlay olmaydi, — deydi u. — Nisholda tayyorlash bir necha oylik qattiq mehnat orqali orttiriladigan bilim va ko‘nikmani talab qiladi. Nisholda to‘liq qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi. Jarayon oson emas, ko‘p kuch va vaqt oladi, shu bois uni odatda erkaklar tayyorlaydi. Oilamizda nisholdani erim, akam va o‘g‘illarim tayyorlaydi, biz ayollar esa uni bozorga olib chiqib, sotamiz”.

Oila nisholda tayyorlashga ancha barvaqt kirishadi. Bunda eng asosiy masalliq — xalq orasida “yetmak” deb ataladigan o‘simlikning ko‘piklanuvchi ildizi hisoblanadi. Uni tog‘lardan terib kelib, quritishadi. So‘ng yaxshilab qaynatib, suvi olinadi.

chorsu, navro‘z, nisholda, sumalak, talqon, toshkent

Birinchi bo‘lib shakar qiyomi tayyorlanadi. Hidi yanada yoqimli bo‘lishi uchun limon kislotasi va vanilin qo‘shilishi mumkin. Qiyom soviguncha tuxumning sarig‘i va yetmak suvi chilchup yordamida yaxshilab aralashtiriladi. O‘zi ikki marta aralashtirilsa qorishma birdan ko‘pira boshlaydi, ammo to‘xtab qolmaslik kerak — kamida yarim soatcha aralashtirish lozim. Keyin oq kremga qiyom qo‘shiladi va bir xil ko‘rinishga kelgunicha yana aralashtirilaveradi, so‘ng to‘rt-besh soatga tindirib qo‘yiladi. Zarina opaning aytishicha, ideal nisholda qorday oppoq, qushday yengil va maromida cho‘ziluvchan bo‘ladi, ayni vaqtda qiyomi ajralib chiqmasligi, tagida qolib ketmasligi ham kerak.

Nisholdani yopgan non bilan tanovul qiladilar. Bu shirinlik an’anaviy tarzda Ramazon oyida iste’mol qilinadi. Muqaddas oy davomida Narziyevlar oilasi bir tonnadan ortiq nisholda tayyorlaydi.

Talqon — ro‘zadorlar orasida mashhur shirinliklardan yana biri. Yirik tortilgan va qovurilgan don mahsulotlari qadim-qadimdan jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar, xususan, sayohatchilar, jangchilar va dehqonlar yeguligi hisoblangan. Tarkibida ishlatilgan boshoqli o‘simliklarning turiga qarab, talqon salomatlikni mustahkamlab, organizmni yoshartiradi.

chorsu, navro‘z, nisholda, sumalak, talqon, toshkent

“Talqonning chinakam sehrli ta’siri bor, — deydi sotuvchi Doniyor Qo‘ziyev. — Har kuni muntazam iste’mol qilinsa, immunitetni mustahkamlaydi, moddalar almashinuvini bir maromga keltiradi, vaznni, qon bosimini va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Agar nahorda och qoringa bir qoshiq talqon yeyilsa, u kun bo‘yi to‘q tutadi. Boshoqli kukunni uzoq vaqt saqlash mumkin, shunda ham uning davolavchi va to‘yintiruvchi xususiyatlari yo‘qolmaydi”.

chorsu, navro‘z, nisholda, sumalak, talqon, toshkent

Oltmish yoshli sotuvchi 30 yildan beri rafiqasi bilan birga talqon tayyorlaydi. Uning stolida yegulikning 10 dan ortiq turi bor. Talqonni tayyorlashda qo‘llaniladigan o‘ziga xos un retsepti esa avloddan avlodga o‘tib keladi. Taomni tayyorlash to‘rt soatcha vaqt oladi. Avvaliga don yaxshilab yuvilib, matoda quritiladi, so‘ng cho‘yan tovada qovuriladi. Sovigach, un bilan aralashtiriladi. Mahsulotlarning foydali xususiyatlari yo‘qolmasligi uchun Qo‘ziyevlar oilasi toshdan yasalgan qo‘l tegirmonidan foydalanadi. Doniyor aka uy sharoitida tayyorlangan talqonni faqat bahorda bozorga olib chiqadi, qolgan vaqt uyda ekinlari bilan band, meva va sabzavot savdosi bilan shug‘ullanadi.

Talqon narxi uning masallig‘iga bog‘liq: oddiy bug‘doy uni, arpa, makkajo‘xori, suli yoki guruchdan tayyorlangan talqonning bir kilosi 30 ming so‘m, shakar, yong‘oq va mayiz qo‘shilgani — 35−40 ming so‘m. Eng qimmati va shirini esa hayit-talqon. Un, sut va asal qo‘shib tayyorlangani uchun uning rangi tillarang-jigarrang aralash, mazasi juda yoqimli. U bayram dasturxoniga tortiladi, qandolat mahsulotlariga qo‘shiladi.