Shavkat Mirziyoyev Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir bo‘lgan terakt oqibatida o‘nlab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maktubda O‘zbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qat’iy qoralashi bildirilgan.

Davlat rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

22-mart kuni kechqurun Moskvadagi “Krokus siti holl” konsert zalida qurollangan shaxslar odamlarga qarata o‘t ochdi. Kamida 40 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilindi. O‘zbekiston TIV Moskvadagi teraktni qoraladi.