20-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) o‘tkazilgan matbuot anjumanida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning “tartibsiz” importini cheklashni so‘raganiga izoh berdi.

“Birinchidan, hali cheklov kiritilmadi. Kiritiladimi, yo‘qmi, takliflardan kelib chiqib belgilanadi. Qarorda aniq-ravshan yozilgan. Ikkinchidan, O‘zbekiston bugungi kunda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar jarayonida. Barcha qabul qilinayotgan qaror va takliflar JSTga a’zolikka ta’siri bo‘yicha baholanishi belgilangan. 2023-yilda bu bo‘yicha davlat rahbari qarori ham qabul qilingan. Shu nuqtai nazardan cheklov kiritilishi haqida aniq fikr aytishga erta”, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

U kompaniyalarning hukumatga murojaat qilishini cheklolmasligini ta’kidlab, har qanday xo‘jalik yurituvchi subyekt har qanday davlat organiga murojaat qilishi, taklif kiritishi mumkinligini ta’kidladi.

“Lekin muvozanatli taklif ishlab chiqilishi kerak bo‘ladi. Shaxsiy tarzda olib kirilayotgan import avtomobillar tegishli texnik jihatdan tartibga solish qoidalariga muvofiqligi bo‘yicha umuman nazorat yoki tartibga solish amalga oshirilmayapti. Bu bir tarafdan iste’molchilar uchun qulay, chunki arzonroq narxda kiradi. Chunki rasmiy dilerlarning avtosaloni bo‘lishi kerakligi va hokazo kabi tegishli xarajatlari bor”, — dedi Farrux Karabayev.

Uning aytishicha, bu masala bo‘yicha “muvozanatli” qaror qabul qilinadi.

“Qaysidir xo‘jalik yurituvchi subyektning fikri bilan birdaniga cheklovlar o‘rnatilmaydi, chunki muvozanatli qaror qilinadi. Shuning uchun tegishli organlarga topshiriq berildi. Shu jumladan, qo‘mitamiz ham o‘z taklifini beradi”, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, klimatik sinovlar va boshqa talablar tabiiy bo‘lib, barcha davlatlarda mavjud hisoblanadi va buni me’yordan oshiq talab deb hisoblash noto‘g‘ri bo‘ladi. Raqobat qo‘mitasi raqobat nuqtai nazaridan bu talablar qanday ta’sir qilishini tizimli o‘rganib boradi va o‘z takliflarini kiritadi.

“O‘sha qaror qabul qilingan taqdirda ham, Raqobat to‘g‘risidagi yangi qonunda har qanday xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘z ustun mavqeini suiste’mol qilishini cheklash bo‘yicha yetarlicha mexanizmlar bor. Narx nuqtai nazaridan ham, iste’molchilar manfaatlarini kamsitish yoki raqobatga zid xarakatlarni amalga oshirish bo‘yicha ham yangilangan qonun juda katta huquqiy kuchga ega”, — deya qayd etdi Farrux Karabayev.

Avvalroq BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning mamlakatga tartibsiz importini cheklashni so‘ragani xabar qilingandi. Bu prezidentning 18-martdagi O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorida qayd etilgan (“Gazeta.uz”da mavjud).

Hujjatda aytilishicha, investor (BYD) hukumatga mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagan, shuningdek, rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgan.

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti tamoyillaridan kelib chiqib 2024-yil 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha investor talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflar kiritish topshirig‘ini berdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi 2023-yil yanvar oyida mos ravishda 60 foiz va 40 foiz ulush bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil qilgandi. Uning ustav kapitali — 55 mlrd so‘m.

Prezident yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida BYD kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib, ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida gibrid va elektromobillarni yig‘ish loyihasini ishga tushirgandi. Uchrashuvda tomonlar yaqin kelajakda ishlab chiqarish quvvatini 500 ming donaga yetkazishga kelishib oldi. Prezident, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda BYD elektrobuslarini yig‘ishni boshlash rejasini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, elektromobillar sohasidagi loyihalarni jadallashtirish, Xitoyning BYD kompaniyasi bilan elektromobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Dekabr oyi oxirida “Gazeta.uz” hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgani, unga ko‘ra, avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini kuchaytirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan. Xususan, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijoriy maqsadda avtomobil olib kirishni taqiqlash ko‘zda tutilgandi. Bundan tashqari, yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini tiklash taklif etilgandi. Mazkur hujjat qabul qilinmagan.