18-mart kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yana bir maktab o‘quvchisi olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Bugun.uz`ga “Suhor” mahallasi raisi B.Toyirov ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, ichidagi maktab o‘quvchilari viloyat musiqali drama teatriga ketayotgan avtobus yuk mashinasi (beton aralashtirgich) bilan to‘qnashgan va ikkalasi ham ag‘darilgandi. Avvalroq 9-sinf o‘quvchisi og‘ir jarohat olib, shifoxonada vafot etgani xabar qilingan. Avtobusdagi qolgan 25 nafar yo‘lovchiga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi, deb xabar qilgandi IIV.

Voqea aks etgan videoda YTH sodir bo‘lgan chorrahada svetofor ishlamayotgani ko‘rinadi. Beton aralashtirgich katta yo‘l bo‘ylab harakatlangan, o‘sha vaqtda avtobus chorrahani kesib o‘tayotgan bo‘lgan, natijada yuk mashinasi unga borib urilgan.

Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarga muvofiq, bolalar, maktab, kollej va litsey o‘quvchilari uchun ekskursiya, turistik-ekskursiya sayohatlarini tashkil etish maqsadida ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limidan ruxsat olish va tashuvchi bilan shartnoma tuzish hamda kuzatib borishni tashkil etish uchun Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga murojaat qilinishi lozim.

Nashrning yozishicha, maktab ma’muriyati YHXXga murojaat qilmagan. Haydovchi O.Sh. (1991-yilda tug‘ilgan) Buxoro Express Trans korxonasida ro‘yxatdan o‘tgan va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan. “Yangi O‘zbekiston” saytining yozishicha, u ham olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, shifoxonada yotgan o‘quvchilarni borib ko‘rdi.

avtobus ishtirokidagi yth, maktab o‘quvchilari ishtirokidagi yth, yhxx

Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib, sodir bo‘lgan hodisa va uning sabablari haqida so‘z yuritar ekan, xizmat vazifasiga beparvolik, o‘quvchilar taqdiriga loqaydlik kechirib bo‘lmaydigan xato ekanini ta’kidladi.

MMTV xabariga ko‘ra, YTHda ishtirok etgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga psixologlar biriktirilgan.