Bir necha haftadan beri Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofidagi ajratuvchi orolchalarga o‘rnatilishi kutilayotgan reklama monitorlari konstruksiyasi “Gazeta.uz” maqolasidan bir necha soat o‘tib, tunda demontaj qilindi.

madaniy meros, tashqi reklama, тошкент

Madaniy meros obyektlari, Prezident administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari binolari va boshqalar reklamadan xoli bo‘lishi belgilangan hududlar ekani, o‘z navbatida, tashqi reklama obyektlarini reklamadan xoli bo‘lishi belgilangan hududlar chegarasidan 50 metr masofada o‘rnatish taqiqlangani haqida yozgandik.

Amir Temur xiyobonida yettita madaniy meros obyekti mavjud. Bunday obyektlar — tarixiy bank binosi va Toshkent kurantlari oldida kamida ikkita reklama konstruksiyasi o‘rnatilishi rejalashtirilgandi.

madaniy meros, tashqi reklama, тошкент

Shuningdek, uchburchak shaklidagi ikkita orolchada dastlab 2 metrdan baland bo‘lgan oq to‘siqlar paydo bo‘lgani, bu esa haydovchilarning ko‘rish kengligini to‘sib qo‘ygani va xavfli vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaganmiz.

madaniy meros, tashqi reklama, тошкент

Hozircha vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berilmadi. 19-mart kuni tongda “Gazeta.uz” muxbirlari reklama konstruksiyasi demontaj qilingani va uning qismlari olib ketilganiga guvoh bo‘ldi. Kurant yaqinidagi ikkinchi orolchada esa to‘siqlar haligacha olib tashlanmagan.

Ta’kidlash kerakki, xiyobon atrofidagi hudud uzoq vaqtdan beri o‘zgarishlarga muhtoj, ammo o‘zgarishlar uni insonlar uchun qulaylashtirishni nazarda tutadi. Avvalo, u yerda svetofori bor, xavfsiz yerusti o‘tish joylari kerak. Bir vaqtlar esa ular yerosti o‘tish yo‘llariga almashtirilgan va bu bilan o‘n minglab piyodalarning hayoti qiyinlashtirilgandi.