O‘zbekiston va Qozog‘iston bir-birining hududiga har ikki davlat tomonidan iste’mol qilinadigan suvning aniq hajmini hisoblash imkonini beruvchi hisoblagichlar o‘rnatishga kelishib oldi, deb xabar qildi Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi matbuot xizmati.

Tomonlar o‘zaro suv iste’moli haqida onlayn tarzda ma’lumot almashadi. Hozirda har ikki davlat mutaxassislari suv hisoblagichlari qayerga o‘rnatilishi ustida ishlamoqda. Xalqaro tashkilotlarni mazkur loyihaga jalb etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Ilgari O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi Shimoliy va Katta Farg‘ona kanallari bo‘ylab sug‘orish uchun sarflanadigan suv hajmini aniqroq o‘lchash imkonini beruvchi “Patar” va “Sarvak” transchegaraviy o‘lchash stansiyalari o‘rnatilgan edi. Ikkala davlat iste’mol qilayotgan suv chegara hududida avval ham o‘lchanardi, ammo uskunalar eskirgan edi. Shveysariya hukumatining Blue Peace Central Asia tashabbusi ko‘magida o‘lchash stansiyalari yangilangan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston 2023-yilda O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan Sirdaryo havzasidagi suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan kelayotgan ifloslantiruvchi moddalar tufayli daryoning ekologik holati buzilganini bildirgan.