2024-yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi 2024-yilda 29,3 mlrd metr kub gaz qazib olishni rejalashtirmoqda, bu avvalgi prognozlardan past.

Davlat dasturining 52-maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zaruriy energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashni nazarda tutadi.

Bunga erishish uchun “O‘zbekneftgaz” bir qator geo-texnologik ishlarni, jumladan, 95 ta gaz qudug‘ini burg‘ilash, 81 ta gaz qudug‘ini kompleks ta’mirlash hisobiga ish faoliyatini tiklash, 42 ta texnologik chora-tadbirni amalga oshirish rejalashtirgan.

Natijada 29,3 mlrd metr kub gaz qazib olish rejalashtirilgan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu maqsadga erishish uchun mas’ul tashkilotlar qatorida “O‘zbekneftgaz”dan tashqari Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) xususiy kompaniyasi, xususiy neft-gaz kompaniyalari va “O‘zbekneftgaz” bilan mahsulot taqsimoti bo‘yicha shartnoma asosida ishlayotgan boshqa xorijiy korxonalar ham bor (“Lukoyl”, “Gazprom”, Gas Project Development Central Asia AG).

Kompaniya 2023-yil bo‘yicha qazib olish hajmini hali ochiqlamadi, biroq o‘tgan yili qazib olish hajmi bo‘yicha prognoz dastlab 34,1 mlrddan 32,8 mlrd kub metrgacha, keyin esa “konlardagi hajmlarning tez tugab borayotgani” tufayli 32,3 mlrd kub metrgacha pasaytirilgan.

“Joriy [konlarning] tugashi bo‘yicha prognozlarimiz o‘zini oqlamadi. Ulardagi hajmlar tezroq tugab bormoqda. Bizning [ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha] chora-tadbirlarimiz ishlab chiqarish hajmini 34,1 mlrd kub metrda ushlab turish uchun yetarli emas”, — degandi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov.

2022-yilda kompaniyaning qazib olish hajmi bo‘yicha prognozi 34 mlrd metr kubni tashkil etgan, biroq amaldagi natija 32,2 mlrd metr kub bo‘lgandi.

Behzod Usmonov 2022-yil noyabr oyida 2026-yilgacha qazib olish hajmi bo‘yicha prognozni e’lon qilgan. Taqdim etilgan grafikka ko‘ra, hozirgi konlardagi tabiiy qazib olish hajmi pasayishda davom etadi, chunki qazib olish hajmini 34,1 mlrd kub metr darajasida ushlab turish uchun geologiya-qidiruv ishlari orqali 2024-yilda 4,6 mlrd metr kub, 2025-yilda — 7,1 mlrd metr kub, 2026-yilda — 9,6 mlrd metr kub gaz o‘rnini qoplash kerak bo‘ladi.

Geologik qidiruv va quduqlarni burg‘ilash ishlariga yuzlab million dollarlik investitsiyalar

2023-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” geologiya-qidiruv ishlariga 100 mln dollar, tuzilmaviy korxonalardagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari uchun 48,8 mln dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yili 2017−2023-yillarda uglevodorod (neft va gaz) qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha 1,15 mlrd dollarlik dasturni yakunlash rejalashtirilgandi, bu dastur Rossiyaning “Gazprombank”i va Xitoyning “Ipak yo‘li” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan. Dasturni amalga oshirishning so‘nggi yilida 150 mln dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgandi.

Yaponiyaning MUFG kompaniyasi bilan birgalikda 20 mln dollarga gaz va neft quduqlarini qayta tiklash va burg‘ilash, shu kompaniya bilan “O‘zbekneftgaz” investitsion bloklarida geologiya-qidiruv ishlariga yana shuncha mablag‘ sarflash rejalashtirilgandi.

2024-yilning birinchi choragida “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi quduqlarni burg‘ilash va jihozlashga 117,8 mln dollar (yil davomida esa umumiy 321 mln dollar), quduqlarni ta’mirlashga 12 mln dollar (45 mln dollar), quduqlarda kompressor stansiyalarini qurish uchun 30,6 mln dollar (2024−2025-yillarda 200 mln dollar), geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun 27 mln dollar (79,6 mln dollar), tuzilmasidagi korxonalardagi qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari uchun 25 mln dollar (2024-yilda 118,5 mln dollar), konlarda texnologik tadbirlarni amalga oshirish uchun 9 mln dollar (jami 45 mln dollar) investitsiya qilishni rejalashtirmoqda.

2023-yil avgust oyi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,85 trln metr kub tasdiqlangan gaz hajmiga va 150,3 mln tonna suyuq uglevodorodga ega bo‘lgan 296 ta neft va gaz konlari mavjud. “O‘zbekneftgaz”ga 933,2 mlrd metr kub (50,3 foiz) va 53,3 mln tonna hajmli 122 ta kon (35 tasi konservatsiya qilingan) tegishli.

Statistika agentligining xabar berishicha, 2023-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi qariyb 5 mlrd kub metrga kamayib, 46,7 mlrd kub metrgacha pasaygan.