O‘zbekistonda tabiiy va suyultirilgan gazni iste’molchilarga yetkazib berish bo‘yicha monopoliyani bekor qilish va past bosimli gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu 2024-yilgi davlat dasturidan o‘rin olgan.

Aprel oyining oxirigacha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirliklariga tabiiy va suyultirilgan gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Ishlab chiqilgan tartib asosida 2024−2025-yillarda xususiy sektorga o‘tkazish uchun “pilot” hududlarni aniqlash rejalashtirilgan.

Iyul oyi oxiriga qadar salohiyatli kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va ushbu hududlardagi gaz taqsimlash tarmoqlarini aniq shartlar asosida xususiy sektorga o‘tkazish belgilangan.

Gaz taqsimlash tarmog‘i — gaz taqsimlash tizimining aholi yashash joylaridagi (shahar, qishloq va boshqalar), shu jumladan, qishloqlararo tashqi gaz quvurlaridan iborat, gaz taqsimlash stansiyasining chiqishdagi o‘chirish qurilmasidan yoki gazning boshqa tarmog‘idan gaz iste’moli obyektidagi kiruvchi gaz quvurigacha bo‘lgan texnologik majmuasi. Gaz taqsimlash tarmog‘iga gaz quvuridagi inshootlar, elektro kimyoviy himoya vositalari, gaz tartiblash punktlari va shkafli gaz tartiblash punktlari kiradi.

Fevral oyida prezidentga O‘zbekistonning energetik xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilingan edi. Jumladan, gaz va elektr energiyasi tariflarini isloh qilish va 1-apreldan ijtimoiy normalarni joriy etish, 49 milliard dollarlik elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnomalarni qayta rasmiylashtirish, Samarqand shahrida elektr energiyasini taqsimlash va sotishga investorlarni jalb qilish va boshqalar rejalashtirilgan. Bundan tashqari, joriy yilning 1-oktabriga qadar kamida beshta tumanda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish funksiyasini xususiy operatorga o‘tkazish maqsad qilingan.