14-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

“Ko‘p odamlarimiz intilyapti, yaxshi yashashga harakat qilyapti. Bularga salgina turtki kerak, salgina manba, mablag‘ kerak. Mana shu mablag‘ bilan keldim. Sayxunobodga tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta-katta mablag‘lar ajratyapmiz”, — dedi prezident “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ajratilayotgan mablag‘ va imkoniyatlar viloyatdagi 83 ming aholining hammasiga ham yetib bormayapti. Mas’ullarga tumandagi 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, bu yil tadbirkorlik uchun beriladigan 200 milliard so‘m hisobidan ularni har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqish vazifasini qo‘yildi. Har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1−2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi.

“Xitoyliklar qanday-qanday katta natijalarga erishganini hokimlar o‘zlari ko‘rib keldi. U yerda tartib, intizom bor, 24 soat xalq uchun mehnat bor. Shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi. Faqat bizga bitta narsa — xohish, intilish, erta turib mehnat qilish kerak. Bugun bo‘ladigan gaplar faqat Sayxunobodga tegishli emas. Hamma viloyat hokimlari 10 kunda o‘z tumanlarini tahlil qiladi, har bir tumanga o‘zi borib, mas’ullarga qanday ishlashni tushuntiradi”, — dedi prezident.

Sayxunobod tumanidagi iqtisodiy idoralarda 138 nafar xodim ishlaydi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.

“Adolatli aytsak, vijdoni bo‘lsa, shuncha odam olgan oyligini oqlamagan. Ularning Toshkentda o‘tirgan va viloyatdagi rahbarlari pastga tushib o‘rgatmagan, talab qilmagan, befarq bo‘lgan. Nari borsa, yig‘ilish qilib, umumiy topshiriqlar bilan cheklangan”, — dedi u.

Davlat rahbari tumanda 2 ming 400 ta ishsiz borligi, kambag‘allik darajasi 14 foizligi, mahalliy budjet tushumi 27 mlrd so‘mligi, xarajati esa 67 mlrd so‘mligini ta’kidladi. “Bir so‘z bilan aytganda, Sayxunobodda tadbirkorlik o‘smayapti, Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmayapti, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, o‘rniga zamonaviy rahbarlar qo‘yildi.