Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-mart kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun 4 ta moddadan iborat bo‘lib, unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84, 211, 245, 249 moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi. Amalda buning uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan.

Unga ko‘ra, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, quyidagi miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi:

  • fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha (6 mln 800 ming so‘mdan 8 mln 500 ming so‘mdan).

Qonun Senatda ko‘rib chiqilganda Yuqori palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov 2018−2022-yillarda respublika o‘rmon xo‘jaliklarida jami 40 ta yong‘in aniqlangani, 431 gektar o‘rmonzorlar jiddiy ziyon ko‘rganini aytgandi. Buning hisobiga davlatga 30 mlrd so‘mdan ortiq zarar keltirilgan.

Hujjat bilan, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 211 moddasi bo‘yicha yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish nazarda tutilgan.

Moddaning fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladigan minimal jazo chorasi BHMning 0,1 baravaridan 5 baravarigacha etib (34 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 1 baravaridan 10 baravarigacha (34 ming so‘mdan 3 mln 400 ming so‘mgacha) etib belgilanmoqda (amalda fuqarolarga BHMning 0,1 baravaridan 1 baravarigacha (34 ming so‘mdan 340 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 1 baravaridan 3 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi).

Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari qonun bilan davlat yong‘in nazorati organlariga tadbirkorlarga tegishli obyektlarda o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy jazolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vakolati berilmoqda.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 249-moddasiga muvofiq, davlat yong‘in nazorati organlariga ushbu kodeksning 84, 124, 211-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash vakolati berilgan.

Biroq ushbu kodeksning 245-moddasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning xodimlari, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslari yoki boshqa xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilgan.

Hujjat Senatda ko‘rib chiqilganda birgina 2023-yilda tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda 797 ta yong‘in sodir bo‘lgani qayd etilgandi. Senatorlar bir necha marotaba ogohlantirishlarga qaramay, yong‘in keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etmagan subyektlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rib borish ham zarur bo‘layotganini qayd etgandi. Shu tufayli davlat yong‘in nazorati organlari qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqligi aytilgandi.

“Hozirda bunday ta’sir choralarining faqat jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan qo‘llanayotgani kutilgan natijalarni bermayapti. Aniqroq aytganda, tegishli da’volarni sudga berish jarayonlaridagi bosqichlar, rasmiyatchiliklar, vaqt hamda dolzarblik nuqtai nazaridan qo‘llanayotgan choralar samaradorligini pasaytirmoqda. Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasi 3-qismiga o‘zgartirish kiritib, tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan davlat yong‘in nazorati organlariga ma’muriy jazo choralarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vakolatini berish nazarda tutilmoqda”, — degandi senator Boriy Alixanov.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.