Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bugungi kunda hududlarda 38 ta massiv qurilishi boshlangan. 2024-yilda yana 17 ta massiv bitkazish ko‘zda tutilgan. Lekin ayrim joylarda kechikish holatlari bor. Masalan, Surxondaryo, Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida qurilish ishlari ortda qolmoqda.

Prezident shu bois har bir massiv kesimida manzilli ro‘yxatni tasdiqlab, qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bunda asosiy talablar — sifat, muddat va tannarx ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari 1-iyulga qadar Yangi O‘zbekiston massivlaridagi 474 ta uy-joy qurilishini to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovga qurilishi kechikayotgan 16 ta uyda qurilish ishlarini 10 kun muddatda boshlash bo‘yicha topshiriq yuklatildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov topshiriqlar ijrosi ustidan har hafta nazorat o‘rnatadi.

“Ko‘rib turibsizlar, aholimiz soni tez o‘sib boryapti. Buning uchun shunga mos uy-joy, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo qilib borishimiz zarur. Agar biz odamlarni rozi qilamiz desak, uy-joy eng katta masala. 2024-yil ipoteka dasturi doirasida 80 mingta uy-joy qurish rejalashtirilgan. Bu juda kam. Oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga erishish uchun uy-joy qurilishi hajmini har yili kamida 20 foizga oshirib borishimiz kerak. Buning uchun viloyat hokimlari budjet va bank puliga qarab o‘tirmasdan, o‘zlari ham investitsiya jalb qilib, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning aytishicha, Farg‘ona shahri, Farg‘ona va Yozyovon tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish boshlanib, 74 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi yakuniga yetkazilmoqda. Bundan tashqari, massivlarning o‘zida 75 gektarlik bog‘ qurilishi nihoyasiga yetmoqda.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik to‘rt nafar investor 170 mln dollarlik mablag‘ni uy-joy qurilishiga jalb qilish belgilangan.

Yanvar oyi oxirida prezident 2023-yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani, hokimlar buni reja ham qilmaganini aytib, bosh vazirga mazkur tumanlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi.