Oliy Majlis Senati raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Nyu-York shahrida (AQSh) BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasida ishtirok etmoqda.

Yuqori palata matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi bo‘lib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish bo‘yicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Ikki hafta davom etadigan tadbirda BMT va fuqarolik jamiyati vakillari Pekin deklaratsiyasining amalga oshirilishini muhokama qiladilar.

Sessiya qashshoqlikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tenglikka erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlanadi, deyiladi xabarda.

Tashrif doirasida, shuningdek, BMT tuzilmalari rahbarlari, qator davlatlarning prezidentlari, hukumat rahbarlari va vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.