Mualliflik huquqini himoya qilish birinchi navbatda sifatni ta’minlab beradi, shu orqali ijodkorlar san’at asarlari yarata boshlaydi. Ammo O‘zbekistonda mualliflik huquqi ishlamasligi tufayli qo‘shiqchilar to‘y uchun ijod qilmoqda. Bu haqda 11-mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Ozodbek Nazarbekovning so‘zlariga ko‘ra, u shu kungacha muallifligidan manfaatdor bo‘lmagan. “O‘zbekistonda mualliflik huquqi hali beri ishlamayapti. Yaqinda vazirlik qoshida tashkil etilgan palata menga bir ma’lumotni topib taqdim etdi. Meni butun xalqaro maydondagi huquqim qanaqadir Yevgeniy, bir narsa degan odamga rasmiylashtirilgan ekan. Sodda qilib aytganda, bu muammo hali stolni ustida emas. Hali hammani qo‘li yetar darajadagi muammo emas”, — dedi u.

Nazarbekovning aytishicha, bugungi kunda mualliflar o‘zlarini huquqini yaxshi bilmaydi, hatto huquq tartibot organlarida ham bu masala bilan shug‘ullanishga imkoniyat yetarli emas.

“Mualliflar o‘z huquqini tanishi — eng katta yechim, bu sohani tezroq ishlashi va ta’minlashiga sabab bo‘ladi. Lekin hozir faqat tashkilotchilargina bu sohani [tushunyapti]. Hattoki, huquq tartibot organlarida ham bu bilan mutlaqo shug‘ullanish imkoni yo‘q, ular uchun ham ko‘p narsalarga oydinlik kiritish kerak. Chunki hali ochilmagan masalalarimiz bor”, — dedi vazir.

Hukumat vakilining qayd etishicha, vazirlik tashabbusi bilan mualliflar huquqini himoya qiluvchi palata tashkil etilgan. U vazirlik qoshidagi nodavlat tashkilot bo‘lsa-da, mualliflar huquqini himoya qilish masalalarini mutlaqo yechish maqsadida yagona palata sifatida yo‘lga qo‘yilgan.

“Ammo ushbu palataning to‘liq ishlab ketmasligining ham o‘ziga yarasha sabablari mavjud. [O‘zbekistonda mualliflik huquqi bilan shug‘ullanuvchi] boshqa yana tashkilotlar bor. Lekin biz harakat qilamiz, kurashdan to‘xtamaymiz, buni amalga oshiramiz. Sababi mualliflar huquqlarini himoya qilinishi bizga birinchi navbatda sifatni ta’minlab beradi. Shu orqali ijodkorlar san’at asarlari yarata boshlaydi. Chunki o‘sha joydan manfaatdor bo‘lib tursa, yuqoriga qarab ijod qiladi. Hozir ijodkorlar to‘ydan manfaatdor bo‘lyapti, to‘yga ijod qilyapti. Buni ham cheklay olmaymiz, bu ham ixtiyor”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.