Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 1-mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari yanvar va fevral oylarida 2,37 milliard dollarga kamaygan holda 32,19 milliard dollarni tashkil qildi.

“Gazeta.uz” avvalroq MB oltin-valyuta zaxiralari to‘g‘risidagi yanvar oyi uchun ma’lumotlarni e’lon qilishni kechiktirayotgani haqida xabar bergandi. Endi esa MB birdaniga ikki oylik ma’lumotlarni taqdim etmoqda.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida valyuta zaxiralari 1,44 milliard dollarga, fevralda esa yana 381,5 million dollarga kamaygan. Umumiy pasayish 1,82 milliard dollarni tashkil qilgan — miqdor 7,55 milliard dollargacha tushgan. Bu 2023-yil sentabridan (o‘shanda ko‘rsatkich 7,39 milliard dollar bilan 2013-yildagi rekorddan keyingi minimalgacha tushgandi) keyingi eng minimal ko‘rsatkich hisoblanadi.

Oltinning fizik hajmi dastlab 0,3 million troy unsiyaga (9,3 tonna) oshdi, keyin esa xuddi shunday hajmga kamaydi. Natijada 11,9 million troy unsiya qimmatbaho metall (370,1 tonna) zaxirada qoldi, biroq oltin zaxirasining qiymati 535,4 million dollarga kamaydi.

Yanvar oyida oltin narxi 2076 dollardan 2066 dollarga, fevral oxirida esa 2059 dollarga tushgandi. Ammo mart oyida uning narxi o‘zining tarixiy rekordini bir necha bor yangiladi va unsiya uchun 2200 dollarlik darajaga yaqinlashmoqda.

Markaziy bank xalqaro zaxiralarning qisqarishini “mavsumiy tus” bilan izohlamoqda, bu “odatda yanvar-fevral oylarida kuzatiladigan tendensiya hisoblanadi”. Shu bilan birga, o‘tgan yillardagi ma’lumotlar o‘rganilsa, 2022−2023-yillarning dastlabki ikki oyida zaxiralardagi ko‘payish va kamayishlar sezilmas darajada bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bu dinamikaga, regulyatorning fikricha, 2019-yilda muomalaga chiqarilgan suveren Yevro obligatsiyalar bir qismining so‘ndirilishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, 20-fevral kuni O‘zbekiston 500 million dollarlik yevrobondlarni to‘lashi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oxirida mamlakatning “moliyaviy yostiqchasi” 1,2 milliard dollarga tushib, 34,56 milliard dollarga yetgan. Yillik hisobda zaxiralar kamayishi 2018-yildan beri ilk marta kuzatilgan. Oltinning fizik hajmi yil davomida deyarli 25 tonnaga kamaygan.