Fevral oyida aholi tomonidan sezilgan (shaxsiy) inflyatsiya darajasi 12,7 foizgacha pasaydi, bu yanvar oyiga nisbatan 0,8 foizga past. Bu haqda Markaziy bank sharhida so‘z boradi.

inflyatsiya, sezilgan inflyatsiya

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, benzin va yoqilg‘i narxi keskin oshgani haqida aytgan respondentlarning ulushi (46 foizdan 53 foizgacha) ortgan. Narxlarning oshishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda sayohat va transport xizmatlari ko‘rsatildi — 23 foizdan 32 foizgacha. Bu butun respublika bo‘ylab gaz yetishmasligi sababli metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining to‘liq yopilishi yoki faoliyatining cheklanishi fonida sodir bo‘ldi. Ishga taksida qatnayotgan Toshkentdagi “Gazeta.uz” muxbirlari yo‘lkira narxi 1,5−2 barobarga qimmatlashganini qayd etdi.

Statistika agentligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida benzin narxi 1,1 foizga, yo‘lovchi tashish xizmatlari esa 0,5 foizga oshgan.

inflyatsiya, sezilgan inflyatsiya

Shuningdek, respondentlarning 30 foizi (yanvarda — 33 foiz) sabzavot va mevalar, 29 foizi go‘sht va sut, 24 foizi dori-darmon, 21 foizi tuxum, qurilish materiallari, kiyim-kechak va poyabzallar narxi oshganini qayd etgan.

Hududlar kesimida o‘tgan oyda sezilgan inflyatsiya darajasi Toshkent shahrida — 16,1 foiz (yanvarda — 16,5 foiz), Sirdaryo viloyatida — 13,9 foiz (14,3 foiz) va Toshkent viloyatida — 13,2 foiz (13,2 foiz) eng yuqori bo‘ldi. Narxlarning eng kam o‘sishi Qoraqalpog‘iston — 9,1 foiz (10,3 foiz), Xorazm viloyati — 10,7 foiz (13,6 foiz) va Andijon viloyati — 11,1 foiz (11,3 foiz) aholisi tomonidan qayd etilgan.

inflyatsiya, sezilgan inflyatsiya

Daromadlari 15 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholi uchun inflyatsiya darajasi 17,2 foizdan 16,9 foizgacha tushgan, 7−10 million so‘m daromadlilar uchun — 14,9 foizdan 14 foizga, 5−7 million so‘m daromadlilar uchun — 13,2 foizdan 11,8 foizga kamaygan. 10−15 million so‘m daromadlilar uchun esa 14,3 foizdan 14,6 foizga oshgan.