O‘zbekistonda 8-martdan elektr energiyasi ta’minotiga cheklovlar joriy etilishi to‘xtatildi. Bu haqda 11-mart, dushanba kuni Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

10-mart kuni elektr stansiyalar orqali 238,9 million kVt/soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi (u korxonalarning elektr energiyasiga bo‘lgan so‘rovlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi). Issiqlik elektr stansiyalarida 48,2 mln kubometr tabiiy gaz, 16,8 ming tonna ko‘mir hamda 4 ming tonna mazut yoqildi.

Bir sutkada elektr energiyasi iste’moli 223,4 mln kVt/soatni tashkil etdi (rejaga nisbatan 8 foizga ko‘p), shundan 15,6 million kVt/soat Turkmanistondan import qilingan. Shuningdek, iste’molchilarga 145,6 mln kub metr gaz (+9 foiz) yetkazib berilgan.

“Tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani elektr energiyasi yetkazib berish tizimida 17-fevral sanasidan e’tiboran amalga kiritib kelingan cheklovlarning bekor qilinishini ta’minladi. 8-martdan e’tiboran mamlakatimiz hududlariga elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti”, — deyiladi xabarda.

Yakshanba kuni 1325 ta (1517 tadan) avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) orqali 13,4 mln kub metr gaz sotilgan. 7-martda sotuvlar hajmi 14,9 mln kub metrni, 8-martda 15 mln, 9-martda 15,6 mln kubometrni tashkil etgan.

Noyabr oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari tanqisligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. Rejaga ko‘ra, mazutdan elektr ishlab chiqariladi, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkaziladi, AGTKSHlarga gaz yetkazib berish qisqartiriladi.