Milliy gvardiya axborot xizmati AOKAda o‘tkazilgan brifingda maktablarda o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘quvchilar davomati ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, hozirda maktablardagi inspektor-psixologlar va mahalla yettiligi hamkorlikdagi ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, viloyatlar bo‘ylab olib borilayotgan manzilli ishlar doirasida tuman va mahallalar kesimida har bir maktab o‘rganilmoqda va unda darsga kelmagan 146 277 o‘quvchidan 96 708 nafari (1,5%) kasal va javob so‘raganlar, 49 569 nafari (0,8%) darsga sababsiz kelmaganlarni tashkil qiladi.

Xususan, dastlabki o‘rganishlarda joriy yil 6−8-fevral kunlari darslarga sababsiz 188 000 o‘quvchi kelmagani aniqlangan.

Shuningdek, Milliy gvardiya kasallik bahonasi bilan darsga qatnashmaslik holatlarini ham o‘rganib chiqqan.

“Birgina Qashqadaryo viloyati misolida olsak. O‘tgan haftada kasal deb belgilangan o‘quvchilarning uylariga borib o‘rganilganda 50 ta holatda kasal emasligi, aksincha, sababsiz darsga kelmagani aniqlangan. O‘quvchilarning barchasi darslarga qaytarilib, ota-onalariga ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi. Bu kabi holatlar Respublikamizning barcha hududlarida qayd etilgan”, — deyiladi xabarda.

Ta’lim-tarbiya borasidagi majburiyatlarni bajarmagan 124 ming nafar ota-onalar rasmiy ogohlantirildi, to‘rt mingga yaqiniga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘ra ma’muriy chora ko‘rildi.

Sababsiz darsga kelmay yurgan o‘quvchilarni maktabga qaytarish bo‘yicha 104 ming nafardan ortiq ota-onalar bilan joylarda uchrashuvlar o‘tkazildi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida respublikadagi maktablarda davomat ijobiy tomonga o‘zgarib, darsga kelmayotgan o‘quvchilar kuniga o‘rtacha 30 mingtaga kamayib bormoqda, deya tushuntirdi Milliy gvardiya xodimi.

Shuningdek, tizim vakilining so‘zlariga ko‘ra, maktablarda dars boshlanishi bilan kelmagan o‘quvchilar to‘g‘risida o‘qituvchilarning o‘z vaqtida inspektor-psixologga ma’lumot bermoqda. Inspektor psixolog mahalla raislari bilan birga o‘quvchining ota-onasi bilan uchrashib, holatga aniqlik kiritmoqda. Bu bilan maktab direktori va o‘qituvchilarning davomatga umuman javob bermasligi va darslarni sifatli o‘tishiga imkon yaratildi, deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, 6-fevral kunidan 7-mart kuniga qadar yangi tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida, 1 mln 769 ming nafar o‘quvchi maktablarga qaytarildi. Hozirda respublika bo‘yicha davomat 97,7 foizga yetdi.

Milliy gvardiya maktabga qanday kelib qoldi?

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi.

“Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi? Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar [vazirligi]dan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Jo‘rayev (Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev — tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Rustam Jo‘rayevga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan birgalikda “eng og‘ir 1000 ta maktablarda davomatni yaxshilash tajribasini joriy etish” bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbga yo‘naltirish, tarbiyalash bo‘yicha ota-onalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish tizimini yaratish ustida ishlaydi.

“Tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Agar maktabning ichiga butun xalq, butun jamoat bilan kirmasak, natija bo‘lmaydi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab inspektorlari va psixologlar tarkibi Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruh tuzilgandan so‘ng Milliy gvardiya xodimlari har kuni maktablarga borib, davomat va o‘quvchilarning bilim olishiga doir masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

“Gazeta.uz” avvalroq, inspektor-psixolog o‘zi kimligi, uning vazifalari nimalardan iborat ekani haqida Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimov bilan xodimlarning mavjud vakolatlari haqida suhbatlashgandi.