Shvetsiya 7-mart kuni rasman Shimoliy Atlantika alyansining (NATO) 32-a'zosiga aylandi. A’zolik haqidagi protokol AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilindi. 11-mart kuni NATOning Bryusseldagi qarorgohi oldida Shvetsiya bayrog‘ini ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Protokoldan skrin.Protokoldan skrin.

AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressda “Mamlakatning holati haqida"gi nutqida Shvetsiyaning ittifoqqa qo‘shilishini e’lon qilishi kutilmoqda. Oq uy bayonotida aytilishicha, tadbirga Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson taklif etilgan.

Fevral oyi oxirida Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha bergan arizasini ratifikatsiya qilgandi. Vengriya Stokgolm arizasini ma’qullagan NATOning so‘nggi a’zosi bo‘ldi.

“Shvetsiyaning 200 yillik betaraflik va harbiy blokka qo‘shilmaslik siyosati yakuniga yetmoqda. Biz o‘zligimizni va o‘zimiz ishonadigan barcha narsani yaxshiroq himoya qila olish uchun ham NATOga qo‘shilmoqdamiz. Biz boshqalar bilan birgalikda erkinligimiz, demokratiyamiz va qadriyatlarimizni himoya qilamiz”, — dedi Kristersson.

  • Shvetsiya va Finlyandiya 2022-yil may oyi o‘rtalarida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini fonida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Bungacha ikkala davlat ham harbiy ittifoqlarda qatnashishdan qochgan. Finlyandiya 2023-yil aprel oyida alyansga a’zo bo‘lgandi.