Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani sababli bugun — 7-martdan mamlakatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochilishini ma’lum qildi.

17-fevral kuni Buxoroda kuchli shamol tufayli elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi kuzatildi va bu 10 ta gaz haydash agregati to‘xtashiga olib keldi. Oqibatda magistral gaz quvurlarida bosim pasaydi va barcha metan “zapravka”lar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

O‘shanda “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagandi.

Avariyaviy holat bartaraf qilingach, gaz agregatlari to‘liq kuch bilan ishlay boshlashi va metan “zapravka”lar ham belgilangan reja-grafik asosida (har kuni soat 8:00 dan 15:00 gacha vaqt oralig‘ida) bosqichma-bosqich ishga tushirilishi aytilgandi.

22-fevral kuni “metan zapravka”lar faoliyatiga cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlana boshladi, biroq ular 6-martgacha amal qildi.

Mamlakatda jami 1517 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari mavjud. Yakshanba kuni ulardan 280 tasi ishlagan bo‘lsa, payshanba kuni bu ko‘rsatkich 550 tani tashkil etdi.