Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazib, mamlakatda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qator omillar mavjudligi aniqladi. O‘quvchilarning 33 foizi ikkinchi va uchinchi smenalarda o‘qimoqda.

2022−2023 o‘quv yilida respublikada 10 ming 522 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritgan (194 tasi xususiy), maktablar soni 2021−2022 o‘quv yilidagiga nisbatan 233 taga oshgan. O‘quvchilar soni 6 mln 461 ming 741 nafarni tashkil etgan (ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda). Maktablar esa 5 mln 283 ming 916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda.

Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 5 tasi uchta smenada va 4 ming 777 tasi ikkita smenada faoliyat yuritadi. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 mlndan oshiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi.

Umumta’lim maktablarining 64,2 foizida oshxona yoki bufet, 95 foizida kutubxona, 79 foizida sport zali bor. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega, 70,5 foizida “vodoprovod” mavjud. Umumta’lim maktablarining 99 foizi isitish tizimiga ega.

Respublikada faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarining 15,9 foizi (1658 ta) kapital ta’mirga muhtoj. Ularning 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Buxoro viloyatidan tashqari barcha hududlarda ta’mirlashga muhtoj maktablar mavjud.

Ushbu maktablarning katta qismi Toshkent (219 ta), Surxondaryo (209 ta) va Qashqadaryo (204 ta) viloyatlarida joylashgan. Maktablarning 4,3 foizi (451 ta) avariya holatida, ularning ham katta qismi, ya’ni 60,7 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Avariya holatidagi maktablarning asosiy qismi Qashqadaryo (101 ta) viloyatida joylashgan.

Umumta’lim maktablarining 98 foizida kompyuter sinflari mavjud. Har bir maktabga 1,4 tadan kompyuter sinfi to‘g‘ri keladi.

“Aytib o‘tish joizki, qishloqlarda joylashgan maktablarning 98,5 foizida kompyuter sinflari mavjud. Umumta’lim maktablaridagi har bir o‘quvchiga 0,03 ta kompyuter to‘g‘ri keladi, qishloq joylarda ushbu ko‘rsatkich 0,04 ga teng. Ushbu ko‘rsatkich dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda ancha past, masalan har bir o‘quvchiga Qozog‘istonda 0,72 ta, Ozarbayjonda 0,55 ta, Belarusda 0,55 ta, Turkiyada 0,25 ta, umumiy Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida esa 0,85 ta kompyuter to‘g‘ri keladi”, — deya qayd etgan ekspertlar.

Kompyuterlarning 71,6 foizi internet tarmog‘iga ulangan, qishloq joylarda esa 69,4 foizi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham mahalliy maktablar xorijiy maktablardan ortda qolmoqda. Xususan, Turkiyada 92 foizi, Ozarbayjonda 80 foizi, Belarusda 85 foizi internet tarmog‘iga ulangan.