Bir asrdan buyon nashr etib kelinayotgan “Mushtum” jurnali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari faoliyati iqtisodiy qiyinchiliklar sababli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda nashrning Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Jurnal bosh muharriri Nosirjon Toshmatov 2023-yilda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida “Mustaqillikning ilk yillaridagi iqtisodiy qiyinchiliklar, sinovlar bosma matbuotga ham ta’sir ko‘rsatib, tirajlar tushib boraverdi. Hozirgi kunda jurnal 5 ming nusxada chop etilyapti”, degandi.

U shu vaqtgacha “Mushtum” ikki marta faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘lganini qayd etgandi. Birinchi safar — Ikkinchi Jahon urushi tufayli 1941−1951-yillarda; ikkinchi marta esa koronavirus pandemiyasida, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli vaqtincha to‘xtatib turilgan. Oradan bir yil o‘tib, 2021-yildan jurnal yana chiqa boshlagan.

“Mushtum” qanday qilib shu kungacha saqlanib qoldi? Xalqimiz kulgisevar, so‘zni san’at darajasida ishlatadi, satiraga munosabati yaxshi — shu bois hali ham mushtariylar bor, mushtariylar sababli jurnal ham tirik. Bundan tashqari, “Mushtum”ning hamon nafas olishiga beminnat yordam berib kelayotgan saxovatpesha vatandoshlarimizni ham e’tirof etib o‘tish zarur — ular sharofati bilan millatning ma’naviy xazinasi qo‘llab-quvvatlanmoqda”, — degan edi Nosirjon Toshmatov.

Jurnalning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Telegram`dagi “Jurnalistika.uz” kanali mazkur holatga nisbatan munosabat bildirarkan, “jadidlarni ulug‘lashga qaratilgan roliklaru tadbirlarga milliardlar, ular asos solgan “Mushtum”ga esa “zambarakning o‘qi”, degan fikrlarni qayd etgan. “Tarmoqqa mas’ul agentligu, uyushmalar o‘z piari uchun mediamarkazlar, “ho‘jako‘rsin” tadbirlar, o‘zlariga yoqadigan ijodkorlarni tabriklash uchun qilinayotgan tanlovlar, safaru sayohatlar, roliklarga milliardlarni sarflayotgan bir vaqtda tarixiy nashrimiz yopilish arafasiga kelib qoldi”, — deyiladi “Jurnalistika.uz” Telegram kanalida.

Jamoatchilik faoli Shahnoza Soatova Abdulla Qodiriydan meros nashrni davlat muhofazasiga olishi kerakligini bildirdi.

“Yangi nashrlar ochgan yaxshi-yu, biroq eskilarini boy bersak, jadid bobolar g‘oyalariga ehtirom qayda qoladi? „Mushtum“ bizning moddiy-nomoddiy qadriyatimiz, Abdulla Qodiriydan meros nashr. Yuz yillik brend desak ham bo‘ladi. Uni davlat muhofazasiga olish kerak. Xuddi shunday „Turkiston“, „O‘zbekiston adabiyoti va san’ati“, „Guliston“, „Yosh kuch“ kabi otaxon nashrlarni ham asrab qolish kerak. Yangi nashrlar o‘z tarixini noldan boshlab yangi O‘zbekistonning merosi bo‘lib qolaversin. Eskilarga tegmaylik, asraylik. Chunki tarixda nafaqat „yangi“ bo‘lib, balki „buzmagan, asragan va avlodlarga yetkazgan“ bo‘lib qolish ham muhim”, — degan bloger.

Ma’lumot uchun, “Mushtum” jurnali 1923-yilning 18-fevralida taraqqiyparvar ziyolilar Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunus tomonidan asos solingan. Ushbu nashrda bir asr davomida chiqqan hajviy, tanqidiy surat va maqolalar minglab muammo va masalalarning hal qilinishiga, kamchiliklarning tuzatilishiga yordam berdi. U qay bir davrda jadidlarning ko‘zgusi, keyingi davrda sovetlarning targ‘ibot quroli bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin, ammo har doim o‘zi ko‘rgan illatlar, muammolar, kamchiliklarga zarba berishga, ularni yo‘q qilishga intilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning mayida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik “Mushtum”ni 100 yillik yubileyi bilan tabriklash maqsadida jurnal tahririyatida bo‘lgan edi. U “Mushtum”ning muxlisi ekanini va elchixona jurnalga obuna bo‘lganini aytgandi.