Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahridagi Yunus Rajabiy mahallasida joylashgan futbol maydoni va yashil hudud o‘rnida rejalashtirilgan qurilishga qarshi chiqqan fuqarolarni qo‘llab-quvvatladi. “Gazeta.uz” mazkur masalaning o‘tgan va joriy yillardagi vaziyati haqida yozgandi. Toshkent futbol assotsiatsiyasi ham bolalar mashg‘ulot o‘tkazadigan joyni saqlab qolish tarafdori edi.

XDP matbuot xizmati xabarida aytilishicha, maqola e’lon qilinganidan keyin partiya a’zolari vaziyat bilan tanishish uchun voqea joyiga borgan.

Avval yozganimizdek, sobiq shahar hokimining qarori bilan 30 sotix maydondagi hovli hududi shahar zaxira fondiga o‘tkazilgan. Yer auksion savdosida sotilgan. G‘olib tadbirkor u yerda besh qavatli ma’muriy bino qurish niyatida.

Aholi tumanlararo sudga hokim qarorini bekor qilish talabi bilan murojaat qilgan. Tuman sudi ham, shahar va Oliy sudlar ham talabni qanoatlantirishni rad etgan. Prezident qabulxonasiga, tuman prokuraturasiga qilingan murojaatlar ham hech qanday natija bermagan.

XDP o‘z murojaatida mazkur stadion 7 ming nafar aholi istiqomat qiladigan mahalladagi yagona stadion ekanini ta’kidlagan. Bundan tashqari, hududda ko‘plab daraxtlar bor.

Partiya “aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik keltiradigan” qurilishni nomaqbul deb atadi.

XDP, shuningdek, hokim qarorini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblaydi. Shu maqsadda partiya Toshkent shahri hokimligiga o‘z nuqtai nazarini bayon etish yuzasidan deputatlik so‘rovi yuboradi.