Pokiston musulmon ligasi raisi Shahboz Sharif mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘ldi, deb xabar berdi The Guardian. Unga parlament quyi palatasidagi 336 deputatdan 201 nafari ovoz berdi.

72 yoshli Shahboz Sharif bu lavozimni uch marta egallagan Pokiston sobiq bosh vaziri Navaz Sharifning ukasi hisoblanadi. Shahboz Sharif ilk bor 2022-yil aprelida sobiq hukumat rahbari Imron Xon lavozimidan chetlatilganidan keyin bosh vazir lavozimiga saylangan edi. U mamlakatni 2023-yil avgustigacha, saylovlar oldidan parlament tarqatib yuborilgunga qadar boshqargan.

Sharif nomzodini 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra tuzilgan va hech biri mutlaq ko‘pchilikni tashkil etmagan sakkiz partiyadan iborat koalitsiya ilgari surgan. Natijalar e’lon qilingach, butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlangandi.

Hozirda korrupsiya va davlat sirlarini oshkor qilishda ayblanib qamoq jazosini o‘tayotgan Xonning tarafdorlari Sharifning saylanishini tanqid qilib, uni “o‘g‘ri” deb atamoqda. Ular ham saylovlarda qatnashgandi, biroq mustaqil nomzod sifatida. Xonning tarafdorlari har qaysi partiyadan ko‘ra ko‘proq o‘rin egallagandi, ammo Pokiston saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlari tufayli hukumat tuzish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Mutaxassislarning fikricha, Sharif boshchiligidagi yangi koalitsiya hukumati “oldida qiyin yo‘l turibdi”, deb yozadi The Guardian. Imron Xonni hali ham mamlakat aholisining sezilarli qismi qo‘llab-quvvatlaydi, Pokiston iqtisodiyoti esa inqirozga yuz tutmoqda.