3-mart tongida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida er-xotin is gazidan vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, tumanning Yangi bo‘ston ko‘chasidagi uyda yashovchi erkak va uning turmush o‘rtog‘i o‘z xonadoni yotoqxonasida is gazidan zaharlangan va hodisa joyida vafot etgan.

Yangiyo‘l shahar tumanlararo sud tibbiy ekspertiza bo‘limining 3-martdagi birlamchi ma’lumotnomasiga ko‘ra, ularning o‘limiga is gazidan o‘tkir zaharlanish, miya va o‘pka shishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Hozirda holat bo‘yicha tergovga kadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.