Qozog‘istonda 4-mart kuni tushdan keyin 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishi mahalliy vaqt bilan 11:22 da qayd etildi. Zilzila epitsentri Olmaotadan 31 km janubda joylashgan. Shahardagi silkinishlar kuchi 5 ballni tashkil qildi. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Olmaotadagi zilziladan so‘ng darhol ogohlantirish tizimlari ishlab ketdi. Fuqarolar “shok va xavotir holatida” ko‘chaga yugurishdi, deya yozmoqda Tengrinews.kz. Ko‘pchilik zilzilalar takrorlanishi yoki halokatlardan qo‘rqib, tashqariga chiqib turdi.

Olmaota metrosi xodimlari tunnellarni o‘rganib chiqishi uchun faoliyatini to‘xtatdi. Barcha maktab va kollejlarning ikkinchi smenadagi darslari bekor qilindi. Shahar politsiyasi kuchaytirilgan ish tartibiga o‘tkazildi.

Olmaota hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, qabul punktlariga 1132 kishi murojaat qildi. Shaharda jami 384 ta qabul punktlari ishga tushirildi.

Shuningdek, hokimlik shaharda binolarga jiddiy zarar yetkazilmagani haqida xabar berdi. Mahalliy OAV tomonidan e’lon qilingan videolarda devorlardagi yoriqlar va ba’zi binolarda oynalar singanini ko‘rish mumkin.

Shahar favqulodda vaziyatlar departamenti aftershoklar xavfi saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirdi va aholidan qabul punktlarida qolishlarini so‘radi.

Ma’lumot uchun, bu so‘nggi ikki oy ichida Olmaotada sodir bo‘lgan ikkinchi kuchli zilziladir. Yanvar oyi oxirida shaharda 5 magnitudali zilzilalar qayd etilgandi, zilzila epitsentri Qirg‘iziston va Xitoy chegarasida bo‘lgan.