O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar guruhi 26−29-fevralda Abu Dabida bo‘lib o‘tgan JST vazirlarining 13-konferensiyasi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolangani hamda Tailand bilan muzokaralar yakunlangani haqida e’lon qildi.

Bu haqda “Gazeta.uz”ga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev matbuot xizmati xabar berdi.

26-fevral kuni prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov Yaponiya tashqi ishlar davlat vaziri Tsuji Kioto va Dominikan Respublikasining JST va YUNKTAD dagi doimiy vakili Xose Sanches Fang bilan protokollarni imzoladi.

27-fevral kuni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Isroil iqtisodiyot va sanoat vaziri Nir Barkat Isroilning bozorga kirish shartlarini tasdiqlovchi protokolni imzoladi.

жаҳон savdo taшкилоти

Shu tariqa O‘zbekiston JSTga a’zo 11 davlat bilan muzokaralarni yakunladi. Ushbu 11 davlatdan 9 tasi bilan bozorga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha protokollar imzolangan, 2 ta davlat (Shri-Lanka va Tailand) bilan protokol loyihasini kelishish jarayonlari boshlangan.

O‘zbekiston bilan bu boradagi muzokaralarni birinchi bo‘lib o‘tgan yilning aprel oyida Gruziya yakunlagan. Noyabr oyida uch davlat — Turkiya, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni bilan protokollar imzolangani xabar qilingan edi.

O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralari bozorga kirish shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgan “manfaatdor” JST a’zolari soniga bog‘liq.

“JSTning barcha a’zolari tashkilotga a’zo bo‘lgan davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borish huquqiga ega. Ammo amalda hamma ham buni qilmaydi. JSTga qo‘shilgan tomonning iqtisodiyoti va uning tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan savdo aloqalaridan kelib chiqqan holda ikki tomonlama savdoga qiziquvchilar soni turlicha bo‘ladi. Masalan, Afrika davlatlarining O‘zbekiston bilan savdo aloqalari deyarli yo‘q, ular unchalik qiziqish bildirmayapti”, — deb tushuntirdi prezidentning maxsus vakili.

Uning ta’kidlashicha, asosiy qiziqishni O‘zbekistonning an’anaviy savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlar bildirmoqda

“Va ular a’zo bo‘luvchi mamlakat bozoriga kengroq kirish uchun tashkilotga kirish uchun ma’lum shartlar bajarilishini talab qiladilar. Masalan, 10−15 ta davlat JSTga kirishda kichik davlatlarga qiziqish bildirishi mumkin. Xususan, Sharqiy Timorda 12−13 muzokarachi davlat bor edi. O‘zbekiston misolida gap muzokaralarga qiziqish bildirayotgan bir necha o‘nlab davlatlar haqida ketmoqda”, — dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan aprel oyida mamlakat eksportini ikki barobarga oshirish strategiyasi doirasida JSTga albatta kirishi kerakligini aytgan edi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, degandi u.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish tashabbusini 1994-yilda boshlagan, biroq 2005-yilda bu jarayonni to‘xtatgan. 2020-yilda tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha ishlar qayta tiklandi va ishchi guruh bilan birinchi uchrashuv o‘tkazildi.