O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun aylanmadan yagona solig‘i yoki qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) pasaytirilgan va hisobga olinmaydigan stavkasini joriy etish taklif etilmoqda. Bu haqda 27-fevral kuni restoratorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aytildi, deb xabar qilmoqda Spot.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aytishicha, 10 ta yirik korxona ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda umumiy ovqatlanish sohasida yagona soliq tizimini joriy etish taklifi bildirilgan.

Agar restoran 50 ming so‘mlik taom uchun 12 foiz QQS to‘lasa, uning narxi 56 ming so‘m bo‘ladi. Restoran yaqinidagi QQS to‘lamaydigan boshqa korxona esa 4 foizlik aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi, shu sababli undagi mahsulot narxi 52 ming so‘mni tashkil etadi, deb yozdi nashr.

“Oqibatda yaqin atrofda lag‘mon do‘koni ochgan tadbirkor mijozlarimni o‘ziga olib ketmasligi uchun nimanidir kamaytirishimga to‘g‘ri keladi — go‘sht, un yoki boshqa narsa. [Taklif bildirgan] umumiy ovqatlanish korxonalari nima xohlaydi? Keling, hammasi — yangi va eski [korxonalar] uchun bitta yo‘l qilaylik. Bizga aylanmadan, QQSdan ulush kerak emas. Yaxshisi, [bozor va do‘konlardan] mahsulot sotib olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bersangiz”, — dedi Savdo-sanoat palatasi rahbari.

Davron Vahobov tadbirkorning umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini pasaytirish ehtimoli haqidagi savoliga javob berar ekan, bu soliq miqdori kamaytirilishi mumkinligini tan oldi, biroq kutilayotgan miqdorga aniqlik kiritmadi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev xorijda umumiy ovqatlanish korxonalariga QQS bo‘yicha yagona soliq solish tartibi amalda ekanini ta’kidladi. Masalan, Fransiyada restoranlarga QQSning pasaytirilgan stavkasi qo‘llanadi, dedi u.

Unga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga umumiy ovqatlanish korxonalari uchun aylanmadan yagona solig‘ini joriy etish bo‘yicha taklif kiritgan. QQS stavkasini pasaytirish varianti ham muhokama qilinmoqda, lekin avval to‘langan summani hisoblamagan holda.

Avvalroq restorator Timur Musin ovqatlanish korxonalari uchun QQS daromaddan emas, aylanmadan to‘lanishini ta’kidlagan edi. QQS, shuningdek, boshqa soliqlar va to‘lovlarga ketadigan 20 foiz marja biznesning “toza” ishlashiga imkon bermaydi. Tadbirkor umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini ikki baravar — amaldagi 12 foizdan 6 foizga kamaytirishni taklif qilgan.

Avgust oyida moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Dilshod Sultonov bir qator mahsulotlarga QQS miqdorini nolga tushirish samarasi “nolga teng” bo‘lganini aytgan edi. Bundan tashqari, bu umumiy ovqatlanish sanoatida soliq zanjiridagi uzilishlarga olib kelgan.