26-fevral kuni Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasida Rossiyaning Ukrainaga keng masshtabda bostirib kirishi boshlanganining ikki yilligiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Diplomatik missiya rahbari Nikolay Doroshenko urush aslida ikki yil emas, o‘n yil davom etishini eslatdi. Keng miqyosdagi bosqin boshlanganidan so‘ng, boshqa ko‘plab davlatlarning rahbarlari Ukrainaning omon qolishiga ishonmagandi, ammo ikki yil o‘tgach, mamlakat qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda va bosib olingan hududlarning yarmidan ko‘pini ozod qildi.

Elchining ta’kidlashicha, Rossiya har kuni minglab odamlarni jangga jo‘natib, Ukrainaning tinch shaharlariga raketa va dron hujumlarini uyushtirishda davom etmoqda, bu esa tinch aholining qurbon bo‘lishi va infratuzilmaning vayron bo‘lishiga olib keldi. Bosqin boshidan beri Ukraina tinch aholisi o‘rtasida yo‘qotishlar 11 868 kishini tashkil etdi, 18 950 kishi jarohat oldi. Ukrainaning 119,9 ming turar-joy binolari, 3008 ta ta’lim va 733 ta tibbiyot muassasalari, shuningdek, 872 ta madaniy meros obyektlariga zarar yetgan yoki vayron qilingan.

“Oxirgi ikki yil Moskvaning biz kuchsiz ekanimiz, Ukraina qarshilik ko‘rsatmaydi, dunyo esa Rossiyaning harbiy bosqiniga ko‘z yumadi va chegaralarni majburan o‘zgartirishga urinadi, degan hisob-kitoblarini barbod qildi. Biroq, bosqinchilik urushi davom etmoqda va birdamlik muhimligi va hamkor mamlakatlarning Ukrainani g‘alaba uchun barcha zarur vositalar bilan ta’minlashga tayyorligi har qachongidan ham dolzarbdir. Ukraina bu vaqtda biz bilan bo‘lgan va birga qolgan har bir davlat, rahbar, insondan minnatdor. Biz qo‘llab-quvvatlashni qadrlaymiz va hamkorlarimiz bu qo‘llovni doim davom ettirishiga umid qilamiz. Bu bizga omon qolish va keng ko‘lamli bosqinga qarshi turish imkonini berdi”, — dedi elchi.

“Urushda eng ko‘p Ukraina jabr ko‘rmoqda, shuning uchun bizdan ko‘ra tinchlikni ko‘proq xohlaydigan hech kim yo‘q. Ammo muammo Ukrainada emas. Rossiya muzokaraga tayyorman degani bu Ukrainaning taslim bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni anglatadi. Biz ukrainaliklar bilamizki, haqiqiy, adolatli tinchlikka yo‘l ortida Ukraina yeridan bosqinchilarni chiqarib yuborish yotibdi. Ushbu urushning ko‘lamini hisobga olsak, bizga 1200 km ga yaqin frontni himoya qilish uchun juda ko‘p miqdordagi qurol va o‘q-dorilar kerak. Biz allaqachon Ukrainaning ichki mudofaasini sezilarli darajada kengaytirdik va o‘z qurollarimizni ishlab chiqarishni ko‘paytirdik. Ammo hali ham muhim harbiy yordamga muhtojmiz”, — deya ta’kidladi Nikolay Doroshenko.

Elchi nega Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi boshqa davlatlar uchun muhimligiga e’tibor qaratdi. “[Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning tajovuzkor rejalari Ukrainadan ancha uzoqqa cho‘ziladi”.

U “Rossiya prezidenti ukrainaliklar millat sifatida mavjud emasligini, ularning o‘ziga xosligi sun’iy ekani va mamlakat boshqa tarixiy voqealarning tasodifiy yon mahsuloti ekanini bir necha bor ta’kidlaganini” ham eslab o‘tdi.

“Bunday hurmatsiz so‘zlar mustamlaka zulmiga uchragan boshqa ko‘plab xalqlarga ta’sir qilishi mumkin. Va siz buni ["Adolatli Rossiya” partiyasining hamraisi Zaxar Prilepin] O‘zbekistonning anneksiya qilinishi mumkinligi haqida aytilganda va tarixchi [Mixail Smolin] O‘zbekiston umuman bo‘lmagani, bunday davlat yo‘qligi va hokazolar aytilganda yaxshigina his qilgandingiz. Bu men hozirgina aytgan g‘oyalarning davomi", — dedi Nikolay Doroshenko.

Elchining ta’kidlashicha, Rossiya uchun Ukrainaga qarshi urush “hech qachon NATOning kengayishi, rus tilida so‘zlashuvchi aholini himoya qilish va boshqa yolg‘on da’volar bilan bog‘liq emas, balki faqat quruqlikni bosib olish va Yevropadagi chegaralarni qayta chizish bilan bog‘liq”.

Diplomatik missiya rahbari harbiy amaliyotlarning gumanitar jihatlarini eslab o‘tdi. Uning aytishicha, Ukrainadan deportatsiya qilingan fuqarolar va bolalarni qaytarish masalasi juda dolzarb. Elchi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 28 ming Ukraina fuqarosi bor. Bundan tashqari, yuz minglab bolalar deportatsiya qilindi. Shundan 19 546 ta holat rasmiylashtirilgan.

“Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 4390 nafar ukrainalik bola noqonuniy ravishda Rossiyaga olib ketilgan. Hozirgacha o‘g‘irlangan atigi 530 nafar bola oilalariga qaytarilgan. Bosqinchilar bolalarni rus oilalariga o‘tkazishda, fuqaroligini o‘zgartirishda va chegarada Rossiyani tark etishga urinishlarini rad etishda davom etmoqda. Rossiyada ukrainalik bolalarni noqonuniy asrab olish jarayoni keng ko‘lamli tus olmoqda. Kamida 380 nafar ukrainalik bola vaqtinchalik vasiylik ostiga olingan va aslida Rossiyada noqonuniy ravishda asrab olingan”, — deya ta’kidladi Ukraina elchisi.

Nikolay Doroshenko Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tashabbusi bilan “Bolalarni UA`ga qaytaring” platformasi yaratilganini eslatib o‘tdi. Strategik harakatlar rejasi hamkor davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilingan barcha ukrainalik bolalarni qidirish, aniqlash, repatriatsiya qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtiradi.

2023-yil dekabrida Kiyevda ukrainalik bolalarni qaytarish bo‘yicha xalqaro koalitsiyaning ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Koalitsiya Tinchlik formulasining bir qismi sifatida tuzilgan. Deklaratsiyaga 60 dan ortiq davlat qo‘shilishini imzoladi.

“Ushbu deklaratsiya imzolash uchun ochiq. Biz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ular ham deklaratsiyaga qo‘shilishi mumkinligi haqida murojaat qildik”, — dedi elchi.

Nikolay Doroshenko, shuningdek, Ukraina tinchlikni qanday ko‘rishi haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat “har qanaqa tinchlikka” ham tayyor emas. “Bizga xalqaro huquqqa muvofiq keng qamrovli, adolatli, mustahkam tinchlik kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy tinchlik uchun barcha sa’y-harakatlar Tinchlik formulasida birlashtirilgan. “Tinchlik formulasi nafaqat Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va jangovar harakatlarni to‘xtatish, balki oziq-ovqat, energiya xavfsizligi, ekologiya, radiatsiya, yadro xavfsizligi, adolatni tiklash, mahbuslar, deportatsiya qilinganlarni qaytarishni va yana ko‘p narsalarni ham o‘z ichiga oladi”, — dedi Nikolay Doroshenko.

“Tinchlik formulasi — yagona real, samarali, tinch tashabbusdir. Biz BMT nizomini hurmat qiladigan va xalqaro huquqni qadrlaydigan barcha davlatlarni ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqiramiz”, — dedi u.

Elchining aytishicha, Ukraina hozirda Shveysariyada Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini to‘xtatadigan qo‘shma asosni ishlab chiqish choralarini ko‘rib chiqish uchun Global tinchlik sammitini o‘tkazish ustida ishlamoqda.

Shveysariyadagi sammit asosiy tamoyillarga asoslangan global birlik: tinchlikning muqaddasligi, xalqaro tan olingan chegaralarga hurmat va qonun ustuvorligini namoyish qilishi kerak, dedi diplomat.