Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ratifikatsiya qildi, deb yozmoqda Associated Press. 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatning 188 deputati bu qarorni ma’qullab, 6 nafari esa qarshi ovoz berdi (jami deputatlar soni 199 nafar).

Vengriya shu vaqtgacha Shvetsiyaning blokka qo‘shilishi uchun roziligi zarur bo‘lgan oxirgi NATO a’zosi bo‘lib turgandi. Endi rasmiy jarayonlar tugagach, Shvetsiya NATOning 32-a’zosiga aylanadi.

Shvetsiya Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay — 2022-yil may oyida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergandi. Mamlakatning alyansga a’zo bo‘lishini ma’qullamagan oxirgi davlatlar Turkiya va Vengriya bo‘lib turgandi, biroq 23-yanvar kuni Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi protokolni ratifikatsiya qilish uchun ovoz berdi va 25-yanvar kuni Turkiya prezidenti hujjatni imzoladi.

Yanvar oyi oxirida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mamlakat hukumati Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. U parlamentdan Shvetsiyaning arizasini “eng tez fursatlarda” maqullashni so‘ragandi. Biroq 5-fevral kuni parlamentning navbatdan tashqari majlisida Orbanning o‘zi yetakchilik qiluvchi hukmron “Fides” partiyasi Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi yuzasidan ovoz berishni jarayonini boykot qilgan va jarayon o‘tkazilmay qolgandi. NATO qoidalariga ko‘ra, yangi davlatlar ittifoqqa faqat uning barcha a’zolari roziligi bilan a’zo bo‘lishi mumkin.

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan so‘ng 2022-yil may oyi o‘rtalarida Shvetsiya bilan birgalikda Finlyandiya ham NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan va 2023-yil aprel oyida alyansga a’zo bo‘lgandi.