2024-yil fevrali hisobiga ko‘ra, Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 31 ming ukrainalik harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi, deb yozdi “Ukrainskaya pravda”.

“Bu urushda 31 ming Ukraina askari halok bo‘ldi. Putin va uning yolg‘onchi doiralari yolg‘onlaridagidek 300 ming, 150 ming emas. Ammo bu yo‘qotishlarning har biri biz uchun katta ahamiyatga ega”, — dedi Zelenskiy.

U ukrainalik yarador askarlar sonini ochiqlamadi, chunki bu holatda, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qancha odam “jang maydonini tark etganini” bilib oladi. Bundan tashqari, u bedarak yo‘qolgan askarlar sonini ham oshkor qilmadi.

“Biz, shuningdek, bosib olingan hududlarda o‘ldirilgan o‘n minglab ukrainaliklar haqida ham xabardormiz”, — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomondan 180 mingga yaqin askar halok bo‘lgani, qoplab bo‘lmaydigan yo‘qotishlar esa yarim millionga yetganini aytdi.

Ukraina rasmiylari ikki yillik urush davomida birinchi marta halok bo‘lgan ukrainalik harbiylarning aniq sonini e’lon qilmoqda.

  • 2023-yil avgustida New York Times gazetasi amerikalik rasmiylarga tayanib, AQSh razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha vaqtga kelib 70 mingga yaqin ukrainalik askar halok bo‘lgani, yana 120 ming nafari yaralanganini yozgan edi. O‘sha paytda Rossiya urushda 300 mingga yaqin askar yo‘qotgan, jumladan, ulardan 120 ming nafari halok bo‘lgan va 180 ming nafari yaralangan.