26-fevral kuni “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yakuniy sud qarori e’lon qilinadi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati.

Sud majlisi soat 15:00 da Toshkent shahar sudida (Alisher Navoiy shohko‘chasi, 23 A uy) boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 11-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini iste’mol qilishi oqibatida kamida 69 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagan.

Ayblanuvchilar 21 kishi (16 erkak va 5 ayol)ni tashkil etadi, jumladan, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev va Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar.

Mazkur ish bo‘yicha ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish va berish, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazishda ayblanmoqda.

12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy sud majlislarining birida prokuror Farmagentlikning sobiq rahbari Kariyev, uning ikki o‘rinbosari va Davlat markazining bir xodimiga nisbatan 18 yil, Quramax Medical direktoriga 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragan.

Davlat ayblovchisi suddan halok bo‘lgan 68 nafar bolaning qarindoshlari va og‘ir jarohat olgan 16 nafar bolaning qarindoshlari uchun 100 million so‘m (8,4 milliard so‘m), shuningdek, yengil jarohat olgan 2 nafar bola uchun 20 million so‘m undirishni so‘ragan.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz”ning batafsil reportajlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.