2024-yilda aholi bandligini ta’minlash uchun 60 ming 500 gektar yer yoshlarga dehqonchilik uchun ajratiladi. Bu haqda davlat rahbari yoshlar bandligini ta’minlash masalalariga qaratilgan yig‘ilishda so‘z borgan.

Yer ajratish tartibi qanday bo‘ladi?

Tuman hokimlari yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratadi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar Agrobank`ning “Fermerlar maktabi"da hosildor eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlarga eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi. Bundan tashqari, meva-sabzavot kooperatsiyalariga banklar orqali 2 mlrd so‘mgacha kredit ham beriladi.

Yig‘ilishda prezidentning shu yil 18-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur farmonda 156 ta tumanda 15 ming 626 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan.

Davlat rahbari ushbu yerlarni aholiga yaqin, suvi va unumdorligi yaxshi joylardan ajratib, kooperatsiya asosida eksportbop ekinlar ekish muhimligini ta’kidladi. Hokimlarga qo‘shimcha yerlarni o‘zlashtirib, ish o‘rinlari uchun zaxira yaratib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligidan tashqari, yoshlarni bilim va ko‘nikmaga o‘rgatish haqida ham so‘z bordi. O‘zbekistonda 2024-yilda chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro imtihondan yuqori ball olganlarga nafaqat imtihon xarajati, balki olti oylik o‘qish puli ham to‘lab berilishi belgilandi. Shuningdek, maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun ijara asosida bepul ajratiladi.